Kecha tunda Argentinada davom etayotgan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionati “Ye” va “F” guruhlaridagi 1-tur bahslari bilan 6 ta guruhdagi dastlabki uchrashuvlar yakunlandi.

“Ye” guruhida Angliya –Tunisni 1:0, Urugvay – Iroqni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. “F” guruhida Fransiya – Janubiy Koreyaga 1:2 ko‘rinishida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Gambiya – Gondurasni 2:1 hisobida yengdi.

Bugun, 23 maydan 24 mayga o‘tar kechasi “A” guruhida Yangi Zedandiya – O‘zbekiston, Argentina – Gvatemala, “B” guruhida AQSH – Fidji, Slovakiya – Ekvador o‘yinlari bilan guruh bosqichidagi 2-tur o‘yinlariga start beriladi.

Millionlab o‘zbek futboli ixlosmandlari orziqib kutayotgan Yangi Zelandiya — O‘zbekiston uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan 23:00 da boshlanadi.

Aytish lozim, 2013 yili Turkiyada o‘tkazilgan U-20 Jahon chempionatining guruh bosqichida hamyurtlarimiz “F” guruhida aynan Yangi Zelandiya jamoasi bilan kuch sinashib, 3:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. O‘shanda terma jamoamiz guruh bosqichida xorvatlar bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, Urugvay jamoasidan 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, guruh bosqichidan chiqa olmagan.

Yangi Zelandiya yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Darren Bazeley O‘zbekistonga qarshi o‘yin murakkab kechishi xususida o‘z intervyusida bildirib o‘tdi.

Albatta, Yangi Zelandiya — O‘zbekiston bahsi har jihatdan kuchli ruhiy bosim ostida o‘tishi tabiiy. Yangi Zelandiya jamoasiga guruhdagi g‘alabali odimni mustahkamlash maqsadi bo‘lsa, hamyurtlarimiz uchun ilk turda yo‘qotilgan 3 ochko o‘rnini qoplash asosiy vazifa sanaladi.

Aynan “yashil” qit’a vakillari bilan bo‘ladigan 2-tur yosh futbolchilarimizning jahon chempionati keyingi bosqichiga o‘tish yo‘lagidagi murakkab dovon hisoblanadi.

Shu jihatdan, Ravshan Haydarov jamoasi bugun maydonga faqat g‘alaba uchun tushishi shubhasiz. Bu yo‘ldagi harakat, taktik yondashuv va eng muhimi maydonning har bir chizig‘idagi vaziyatlarda iste’dodli futbolchilarimizga omad yo‘ldosh bo‘lishini qalb qo‘rimiz bilan istab qolamiz.

T.Ro‘ziyev, O‘zA