Bugun jamiyatimizning barcha jabhalari singari bojxona sohasida ham amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, tashqi savdo yuklarining bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati soddalashtirilmoqda, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoit yaratilmoqda.

Buning natijasida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi hajmi ortib, davlat byudjetiga tushiriladigan daromadlar qiymati ham kafolatlanmoqda. Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida o‘zining fiskal vazifalarini bajarish doirasida bojxona to‘lovlaridan davlat byudjetiga qariyb 133 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilishi ta’minlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,5 foizga ortdi.

Hukumat qarorlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar doirasida boshqarma tomonidan hisobot davrida qariyb 224,3 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz va preferensiya qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, joriy yil boshidan dastlabki to‘rt oy davomida boshqarmaning xulosalari asosida jami 10 ta tashkilotga 96 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik sub’ektlarining og‘irini oson qilib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishlarida ham aholiga yangi ish o‘rinlari yaratilishida alohida tirgak vazifasini bajarmoqda.

2023 yilning dastlabki 4 oyi yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha tovarlar tashqi savdo aylanmasi 181,7 million AQSH dollarini tashkil etdi.  Shundan, 93,9  million AQSH dollari qiymatidagi tovar eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, import tovarlar ulushi esa 48,3 foizga teng bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hisobot davrida boshqarma TIF va MED postlari orqali eksport qilingan tovarlarning asosiy ulushi plastmassadan yasalgan buyumlar, ip kalava, farmatsevtika, kimyo sanoati mahsulotlari, to‘qimachilik mahsulotlari, artemiya sistasi, jun, mo‘yna, teri va ulardan yasalgan buyumlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Tovarlar importida esa metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, yog‘och va taxta mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari, texnologik asbob-uskunalar, neft, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati mahsulotlari,  elektrotexnika va uning qismlari yetakchilik qilmoqda.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari asosan Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya, Koreya, Germaniya, Turkmaniston va boshqa davlatlar bilan o‘zaro savdo-sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan.

2023 yilning yanvar-aprel oylari davomida boshqarmaning Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) bojxona posti tomonidan jami 6 mingta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan eksportga rasmiylashtirilgani 3657 tani yoki 60 foizni tashkil etadi. Ya’ni, ushbu davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona postlari orqali harakatlangan tashqi savdo yuklarining qariyb 89 foiz bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmagan yoxud soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lib, atigi 11 foiz yukka nisbatan bojxona ko‘rigi amalga oshirilgan.

Yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash, bojxona xodimlarining ko‘zlarini “shamg‘alat” qilishga urinib, bojxona chegaralari orqali noqonuniy tovar moddiy boyliklarni olib o‘tishga harakat qilish holatlari to‘xtamayapti. Lekin, bu kabi barcha g‘ayriqonuniy harakatlarga tunu-kun sarhadlarimizda sergak bojxonachilar tomonidan o‘z vaqtida chek qo‘yilmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida jami 204 ta holatda qiymati 5 milliard so‘mlik tovar moddiy boylik  huquqbuzarlik ashyosi sifatida ushlab qolindi. Jumladan, hisobot davrida jami qiymati 166,1 million so‘mlik 1210 litr sifati kafolatlanmagan spirt va qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol ichimliklarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Shuningdek, 9 ta holatda 639,48 gr giyohvandlik moddasi, 400 dona “Baklosan” va “Baklofen” psixotrop vositasi, kuchli ta’sir qiluvchi moddalardan 43 dona “regapen”, 24 flakon “Tropikamid” dori vositasi noqonuniy aylanmadan olindi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri