Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida “Muloqot” xalqaro zamonaviy san’at loyihasi o‘z ishini boshladi.
Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda loyihaning mazmun-mohiyati, tashkil etiladigan ko‘rgazmalar, rejalashtirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
“Muloqot” xalqaro zamonaviy san’at loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va “Ruxsor” zamonaviy san’at muzeyi ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ilk marotaba amalga oshirilmoqda. Tadbirdan asosiy maqsad san’at sohasidagi o‘zgarishlar, vaqt va insoniyat kechinmalari bilan bog‘liqligi haqida fikr almashish, turli mamlakatlarning zamonaviy ijodiy usullari bilan tanishish, madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish.
Loyiha doirasida Orolbo‘yining madaniy va badiiy muassasalarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining ko‘rgazmalar zalida bir qator xalqaro ko‘rgazmalar namoyish etiladi. Shuningdek, ekskursiyalar, madaniyat vakillarining san’at tarixi haqida davra suhbati o‘tkaziladi.
Tadbir I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida germaniyalik rassom Inna Artyomovaning “Proundan so‘ng. Insoniyatdan keyingi bo‘shliq haqida mulohazalar” nomli ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Mazkur ko‘rgazmada insoniyatning yangi texnologiyalarga bo‘lgan munosabati, kundalik hayot, ekologik muammolar va kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalar bayon yetiladi. Rassom asarida buyumlar bir-biri bilan o‘zaro kesishgan holda uyg‘unlashtirilib, bir butun kompozitsiyani hosil qilgan.
Inna Artyomova 2013-2020 yili Berlindagi Beuth universitetining me’morchilik kafedrasida me’morchilik chizmalaridan dars bergan. 2019 yili Qirg‘iziston milliy tasviriy san’at muzeyi uning asarlaridan tashkil topgan “Kelajak manzaralari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasini namoyish etgan. Shuningdek, Germaniya, Angliya, Avstriya, Italiya va Serbiyada o‘tkazilgan ko‘plab ko‘rgazmalarda ham qatnashgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyiha doirasida 19 may Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida, 20 may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida o‘tkaziladigan tadbirlarda turli davlatlarning XXI asrdagi rassomchilik san’atidagi eng zamonaviy ijod namunalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA