“Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli joriy yil 29 aprel – 1 may kunlari Shimoliy Makedoniyada bo‘lib o‘tgan “SARAJ FEST – 2023” hamda 30 aprel – 13 may kunlari TÜRKSOY tashkiloti tomonidan Ozarbayjonning san’at beshigi sanalgan Shusha shahrida o‘tkazilgan “Xaribulbul” xalqaro folklor festivallarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Ozarbayjonda o‘tkazilgan festivalda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston. Vengriya, Moldaviya, Rossiya, Turkiya singari ko‘plab davlatlarning folklor jamoalari ishtirok etdi.
– Festival doirasida har bir davlatdan kelgan delegatsiya a’zolari tashkilotchilar bilan uchrashib, unda kelgusida hamkorlik qilish yuzasidan muzokoralar olib borildi, – deydi ansambl direktori A.Allaniyazov. – Safar davomida ansamblimizning tarixi, yutuqlari va xorijiy safarlari bilan chet ellik hamkasblarimizni yaqindan tanishtirdik. 27 nafar ijodkordan iborat jamoa a’zolari tomonidan ijro etilgan ko‘y-qushiq hamda raqslar barchada katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston xalq jirovi Baqbergen Sirimbetov va baxshi Quo‘anish Seytimov tomonidan ijro etilgan dostonlardan parchalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli baxshi-jirovlarning chiqishini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Kelgusida ham ijodiy hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirdi, – deydi A.Allaniyazov.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA