Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xirosimaga tashrif buyuradi va u “Katta yettilik” sammitida ishtirok etadi. Bu xabarni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov tasdiqladi.
“Xirosima sammitida juda muhim qarorlar qabul qilinadi, shuning uchun bizning manfaatlarimizni himoya qilish, aniq takliflar va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan voqealar haqida aniq dalillar keltirish uchun prezidentning shaxsan ishtiroki juda zarur”, dedi Danilov.
Avvalroq “Kyodo” agentligi AQSH va Yaponiya hukumatlaridagi “ko‘plab manbalarga” tayanib, Zelenskiy “G7” sammitida ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.
“Bloomberg” agentligi, shuningdek, Ukraina prezidenti Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Arab Ligasi ishida qatnashgandan so‘ng, Amerika harbiy samolyotida Yaponiyaga yetib kelishi xabarini tarqatgan edi.
Yaponiya joriy yil “G7”ga raislik qilmoqda. 19-21 may kunlari Xirosimada “katta yettilik” sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA