G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot adabiyot muxlislari uchun “Qoraqalpoq kengliklarida” deb nomlangan yangi kitobni chop etdi.


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Guliston Matyoqubovaning mazkur to‘plamdan o‘rin olgan nasriy va nazmiy asarlari o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ijodkor qoraqalpoq zamini, Ustyurt kengliklarini tarannum etgan asarlarida o‘quvchilar e’tiborini ana shunga qaratadi va muqaddas tuyg‘ular bilan yashashga undaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, taniqli shoira Guliston Matyoqubova (Annaqilicheva) 1948 yilda tug‘ilgan. 1973 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Ijodkorning “Hayajonning yetti rangi” (1982), “Oydin ostona” (1983), “Sevib qolsin” (1985), “Daryoga botayotgan quyosh” (1998), “Izlaganlarim” (2002), “Oybaldoq” (2001), “Muhabbat yurti” (2002) kitoblari nashr qilingan.

Guliston opaning shuningdek, “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida “Baxt keltirgan bahor” (1979), “Zemlya otsov” (1986), “Jurek penen juzbe juz” (1987), “Nurlы jollar” (1988), “Prekrasnoye chuvstvo” (1989), “Aytgin menga To‘rtko‘l haqida” (1993), “Men sen uchun yashayapman” (1993), “Intizarlыq” (1995), “Yo‘llaringga chiqdim” (1997), “Qaytmoq uchun ketmoqdaman” (2007), “Vatan ruhi” (2011) nomli va boshqa ko‘plab  kitoblari o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillarida bosilib chiqqan.

2002 yilda “Iskusstvo narodov Mira” assotsiatsiyasi boshqaruvining qarori bilan “Laureat iskusstv narodov Mira” unvoni bilan taqdirlangan. Uning she’rlari qoraqalpoq, rus, turk, turkman, nemis tillariga tarjima qilingan.

Guliston Matyoqubova «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» (1983), «Qoraqalpog‘iston xalq shoiri» (2002) faxriy unvonlari bilan mukofotlangan.

N.Usmonova, O‘zA