Venetsiya – ekologik, me’moriy va tarixiy jihatdan noyob shahar. Bejiz Venetsiyada sayyohlar ko‘p emas, ular dengiz atrofida joylashgan qadimiy imoratlar, uzoqdan suzib kelayotgan kemalar, suv to‘lqini va uchib yurgan qushlarni tez-tez sog‘inadi, chog‘i… Shahar havosini-ku, asti qo‘yavering.

Adriatik dengizi shimolidagi yirik port hisoblangan Venetsiya dunyodagi eng qadimiy sayyohlik va madaniyat markazlaridan biri. O‘zA xodimlari betakror manzasi bilan ko‘ngillarni xushnud etuvchi manzildan maxsus maqola va foto reportaj tayyorladi.

Shahar xususida qiziqarli faktlar

Ko‘p bor “Dunyodagi eng go‘zal shahar” nomini olgan Venetsiya mashhur sayyohlik maskani, yirik madaniy markaz sifatida XXI asrda ham muntazam e’tirof etilayotgani rost. To‘g‘ri, shahar muayyan muammolarga ham duch kelyapti. Masalan, “Sentro storico”da sayyohlar soni me’yoridan ko‘pligi, shuningdek, ifloslanish darajasi yuqoriligi, tinimsiz suv toshqini va kruiz kemalari binolarga juda yaqin suzib yurishi… Yevropaning eng romantik shaharlaridan biri – Venetsiya “shubhasiz, inson qo‘li bilan bunyod etilgan eng go‘zal shahar” deya ta’riflangan.

Veneto viloyati markazi hisoblangan Venetsiya Italiyaning shimoli-sharqida joylashgan, ma’muriy manzil sifatida viloyatga tenglashtirilgan hududiy birlik. Shahar ochiq suv kengliklari va kanallar bilan ajratilgan 118 kichik oroldan iborat. Ayrim qismlar 400 dan ziyod ko‘prik bilan bog‘langan.

Orollar sayoz Venetsiya lagunasida, Po va Piave daryolari o‘rtasidagi yopiq ko‘rfazda joylashgan. 2020 yil statistikasiga ko‘ra, 258 ming 685 kishi kattaroq Venetsiyada, ya’ni “Komuna di Venezia”da istiqomat qilgan. Ularning 55 mingga yaqini tarixiy orolda, qolganlari materikda.

Padua-Treviso-Venetsiya metropolitan hududida esa jami 2,6 million kishi qayd etilgan.

“Venetsiya nomi qachon paydo bo‘lgan?”, degan savol qiziq bo‘lsa kerak. Tarixiy ma’lumotlar guvohlik berishicha, miloddan avvalgi X asrda shu hududda yashagan kishilar ham qadimgi venetsiyaliklar, deyilgan. Shahar 697 yildan 1797 yilga qadar Venetsiya Respublikasi poytaxti bo‘lgan. O‘rta asrlar va Uyg‘onish davrida yirik moliyaviy qudratga, dengiz hududiga ega bo‘lib, salb yurishlari, Lepanto jangi uchun jang maydoni vazifasini o‘tagan.

XXIII asrdan XVII asr oxirigacha bu yerda savdo-sotiq rivojlangan, xususan, ipak, don va ziravorlar ko‘p ishlab chiqarilgan. Venetsiya san’at markazi sifatida IX asrdan buyon tan olinadi, XIVasrda nufuzli xalqaro moliya markaziga aylangan.

Asrlar davomida Venetsiya Adriatik dengizi bo‘yida va Italiya yarim orolida ko‘plab hududlarni birlashtirgan, bugungi kunda ham saqlanib qolgan arxitekturasi va madaniyati bilan taraqqiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Shahar 1866 yil Italiya Qirolligi tarkibiga kirgan.

Venetsiya nega suvda?

Shahardagi barcha binolar juda zich joylashgani bois, ko‘rinmaydigan kichik maydonlar hosil qilgan. O‘z navbatida, orollar dengiz suviga botib ketgan. Quruq hududlar orasidagi bo‘g‘ozlar chuqurligi 2,5 metrdan oshmaydigan kanallarga aylangan.

Ilm-fan, madaniyat jo‘sh urayotgan Venetsiya…

Yirik sayyohlik va ilmiy-ta’lim markazi bo‘lmish Venetsiyada dengiz porti, Marko Polo nomli xalqaro aeroport, neftni qayta ishlash zavodi va boshqa yirik korxonalar mavjud. Venetsiya karnavali va Venetsiya kinofestivali ham ancha mashhur.

Shaharning me’moriy qiyofasi XIV-XVI asrlarda – Venetsiya Respublikasi gullab-yashnagan davrda shakllangan. Venetsiya lagunasi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Venetsiya hamon o‘z maftunkorligini saqlab kelyapti. Tarixga boy shahar davlatlar madaniyati va san’atini namoyish etish, turli millat vakillari o‘tmishini o‘rganish, o‘zaro salohiyatni birlashtirish yo‘lida har mavsum yirik xalqaro ko‘rgazma, anjumanlarga mezbonlik qilayotgan diyor sifatida tomoshabinlar, sayyohlar ko‘nglidan joy olgan.

Behruz Xudoyberdiyev

va Nishonboy Abduvoitov (surat) tayyorladi.

O‘zA

Venetsiya, Italiya