“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan yana bir uchrashuv “O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi mas’ullari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomoni ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligi uchun “SOCAR” kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjafga minnatdorlik bildirildi.

O‘z so‘zi davomida xorijiy hamkorlar “Upstream” va “Downstream” yo‘nalishlarida aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasida ishtirok etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasidagi konlarni birgalikda o‘zlashtirishga alohida qiziqish bildirildi. Shu bilan birga, “SOCAR” rahbariyati tomonidan mamlakatimiz hududida operator sifatida xizmat ko‘rsatish shartnomalarida ishtirok etishga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “SOCAR” bilan hamkorlikda “SOCAR Trading” qo‘shma korxonasini tashkil etish masalasi ham yig‘ilish kun tartibida ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, “O‘zbekneftgaz” AJ  tomonidan “SOCAR” kompaniyasi rahbariyatiga  kompaniyalar o‘rtasidagi potensial hamkorlikni hamda ekologik standartlarga muvofiq qayta tiklanadigan energetika sohalarini rivojlantirish borasidagi qiziqishi uchun minnatdorlik bildirdi. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha barcha sohalardagi hamkorlik istiqbollarini yanada o‘rganish va barcha qo‘shma loyihalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 N.Ziyodullayeva, O‘zA