Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘ndan ziyod davlatdan 500 ga yaqin polvonlar ishtirok etgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining 13 yoshli a’zosi Shohsanam Mirfozilova 53 kg. vazn toifasidagi bahslarda nafaqat chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi, balki Osiyo rekordini yangiladi. U 10 daqiqa ichida 16 kg. toshni 137 marotaba ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zolaridan +95 kilogrammda Sherali Nosirov g‘oliblik shohsupasidan joy oldi. Faxriylar o‘rtasidagi 73 kg. vazn toifasi bellashuvlarda Vohiddin Najmiddinov eng yaxshi natija bilan oltin medal sohibiga aylandi.
Hamyurtlarimizdan Elyor Urushev, Otamurod Turodov, Shohruh Hamidov va Javohir Qurbonov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Temur Ribolkin, Ismatillo Ahmedov, Shodilbek Ergashev va Radmir Asanov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida 4 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA