Buxoroda davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi o‘tkazildi.
Ilk marotaba tashkil etilayotgan xalqaro anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarining mas’ul davlat idoralari vakillari hamda xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlari qatnashdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Senati, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva onlayn videomuloqot orqali ishtirok etdi.
Forumda dastlab davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Ta’kidlanganidek, 2021-2022 yillarda qabul qilingan 64 ta normativ-huquqiy hujjatlarda ochiqlikni ta’minlash hamda turli soha va yo‘nalishlarda shaffoflik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 175 ta vazifa va topshiriqlar belgilab berildi. Mazkur topshiriqlarning 47 tasi qonunchilikda amalda mavjud bo‘lgan tartib-taomillarni ochiqlik prinsiplari asosida takomillashtirishga qaratilgan bo‘lsa, 94 tasi bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan.
Xususan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlandi. Axborotlar joylashtiriladigan resurs, yangilab borish muddati va mas’ul ijrochilar aniq belgilab berildi.
Shu kabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.
Yoki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qonun bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Yana bir muhim jihat, bugungi kunda davlat idoralarining ochiqligini ta’minlash maqsadida barcha sohalarda onlayn platformalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tizimi joriy etildi. Davlat byudjeti va qarzi, shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rish va real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn platformalar (openbudget.uz, xarid.uzex.uz, etender.uzex.uz) ishga tushirildi. Ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, davlat xaridlari, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakati, yer resurslaridan foydalanish va shu kabi boshqa umumfoydalanishdagi statistik ma’lumotlar onlayn rejimda Ochiq ma’lumotlar portaliga e’lon qilib borilmoqda.
Aholi uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushirilib, bugungi kunda aholiga 400 dan ortiq davlat xizmatlari onlayn tarzda ko‘rsatilmoqda. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari portali (my.soliq.uz) ishga tushirildi. Litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish uchun “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi (licence.gov.uz), “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali (meningfikrim.uz) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Davlat aktivlarini realizatsiya qilish, ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari sotish, yer uchastkalaridan foydalanish huquqini olish va boshqa bir qator masalalar onlayn autsion savdolari (e-ijro.auksion.uz) orqali olib borilmoqda. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi (e-qaror.gov.uz) ishga tushirildi. Sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari bilan onlayn tartibda (decisions.esud.uz) tanishish imkoniyati yaratildi.
Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari hamda tuman shahar kengashlari sessiyalarini jonli efirga uzatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalari va Prezident ta’lim muassasalari kirish imtihonlari (test va ijodiy imtihonlar) jarayonlari to‘liq jonli efirga uzatib borilmoqda. Xususan, qonunchilikka muvofiq, ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi va ularni o‘z vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirib borilishi ustidan doimiy monitoring o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ochiqlik sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Joriy yilda ilk bor davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi e’lon qilindi.
Shu kabi tizimli islohotlar samarasi o‘laroq “Open data watch” tashkilotining “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 2020 yilda O‘zbekiston 125-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022 yilga kelib, 40-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Taqdimotdan so‘ng forum o‘z ishini “Davlat idoralari faoliyati ochiqligining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi roli”, “Ochiq ma’lumotlar ekotizimini yaratishning dolzarb masalalari”, “Ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik mexanizmlari” kabi sessiyalardagi muhokamalar bilan davom etdi.
Mazkur sessiyalar doirasida asosiy e’tibor korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or mexanizmlarni joriy etish, bu borada milliy va xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, qolaversa, sohadagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalariga qaratildi.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari vakillaridan tashqari, Fransiya, Germaniya, Sloveniya hamda Argentina kabi davlatlar vakillari ham ishtirok etib o‘z tajriba va ilg‘or amaliyoti bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, mahalliy va xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ularning hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash singari yo‘nalishlarda ma’lumotlar taqdim etildi.
Muloqotlar mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda ochiqlikni ta’minlashga doir samarali siyosatni ishlab chiqish, ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish masalalarida ham o‘zaro fikr almashildi.
Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishga tushiriladigan yana bir muhim loyiha – “Open Data” elektron platformasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur platforma davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning salohiyatini oshirish borasidagi tizimli ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. U xodimlarga ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qish imkonini beradi.
Platformada har bir o‘quv moduli yakunida tinglovchining bilimi test va boshqa interaktiv usullar yordamida sinovdan o‘tkazish, to‘plagan ballar asosida ularning reytingini yuritish va yuqori natijaga erishganlarni moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etilgan. Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi.
Forumda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA