FOTOREPORTAJ

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘zining 90 yillik tarixiga ega. Bugungi kunda mazkur oliy ta’lim dargohida 18 mingdan ortiq yigit-qiz tahsil olmoqda.

Institut zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lgan pedagog kadrlarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Albatta, buning uchun zarur sharoit yaratilib, institutning moddiy-texnik bazasi takomillashtirilib bormoqda.

Ayni paytda oliy ta’lim dargohining 6 korpusdan iborat bo‘lgan yangi qurilayotgan 2 ming o‘rinli bosh va o‘qish binolarida so‘nggi – pardozlash ishlari olib borilmoqda.

E’tiborlisi, institutning Maktabgacha ta’lim va Jismoniy tarbiya fakulteti talabalari 2022/2023 o‘quv yili boshidan zamonaviy uslubdagi yangi binoda o‘qishni boshlagan edi. Hozirda esa talaba-yoshlarni doimiy yotoqxona bilan ta’minlash maqsadida umumiy 1 ming 550 o‘rinli talabalar turar joyining qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Shu bilan birga, Maktabgacha ta’lim fakulteti qoshida 90 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chasining qurilishi yakunlanish arafasida.

Yurtimizda yoshlarning chuqur bilim olishi uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar albatta o‘z samarasini bermay qo‘ymaydi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA