Prezidentimizning joriy yilning 16 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar; ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud ob’ektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi.

2023 yil 1 iyundan, seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Seysmik xavfsizligi III–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida  “SSS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

2023 yil 1 oktyabrdan seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

2024 yil 1 yanvardan ob’ektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, qurilish ob’ektlari ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati, pudratchining ichki nazorati tadbirlari, ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar, ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA