Senat Raisi Tanzila Norboyeva Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda o‘ndan ortiq loyiha doirasida yoshlarimizning salohiyatini oshirishga hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Ya’ni, inson kapitalini rivojlantirishga katta ko‘mak berilmoqda.

– Mamlakatimiz demografik jihatdan tez o‘sib bormoqda, – dedi T.Norboyeva. – Har yili 600 mingga yaqin yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Ularning barchasini o‘qitish va kasbga tayyorlash, shu bilan birga, munosib mehnat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan ta’minlash zarur. Albatta, bu yo‘nalishda va biz uchun strategik ahamiyatli bo‘lgan boshqa masalalarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan izchil va samarali hamkorlik qilishimiz nihoyatda muhim.

Bu fikrlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumani doirasida o‘tkazilgan “Yangi ko‘nikmalar yo‘li – Markaziy Osiyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzuida tashkil etilgan sessiyada qayd etildi.

Muhokamalar davomida mamlakatlar aholisining o‘sib borayotgan, yosh va boshqa qatlamlari salohiyatidan qay tarzda samarali foydalanish hamda mazkur salohiyatni qanday qilib barqaror o‘sish katalizatoriga aylantirish mumkinligi yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, professional ta’limni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, aholini, ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, bunda xususiy sektor ulushini oshirish, bu doiradagi barcha jarayonlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


N.Abduraimova, O‘zA