Xabar qilinganidek, poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko‘rib chiqmoqda.

Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ravshan Gulyamov davlatimiz rahbarining forum ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xaqida to‘xtalib o‘tdi.

Forumda qayd etilishicha, aksariyat mamlakatlar kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida faoliyatni xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va to‘plangan tajribalarga tayangan holda tayyor amaliyot va strategiyalar asosida amalga oshirayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda qisqa muddatda kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘ziga xos tashkiliy dastur shakllantirilib, o‘tgan yili joriy etildi va o‘z ijobiy natijalarini ko‘rsatishni boshladi.

O‘zbekistonda kambag‘allik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida o‘rin egallaydi. Unga qarshi faol kurash 2020 yilda mamlakatimiz ushbu holatni rasman tan olgan paytda boshlangan edi. Aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ma’lumotlar bazalari shakllantirildi. 2021 yildan boshlab kam ta’minlanganlarni “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etilgan.

2017 yilda 500 ming nafar kam ta’minlangan oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. Bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 2,2 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yetti baravar oshirilib, yiliga 13 trillion so‘mga yetdi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish va kambag‘allikni qisqartirish maqsad qilingan.

Shundan kelib chiqib, ijtimoiy sohaga davlat xarajatlarini oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, 2018 yilda 35 trillion, 2019 yilda 61,3 trillion, 2020 yilda 74,2 trillion, 2021 yilda 85,3 trillion so‘m ajratilgan. 2022 yilda esa 105,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaydi. Yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Yil davomida 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirildi va 11 mingta korxona quvvati tiklandi. Davlat dasturlari, jumladan, aholini kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda tadbirkorlikka ko‘maklashish sohasida amalga oshirilayotgani natijasida 1 million kishi kambag‘allikdan olib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mas’ul besh idora O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining yagona tizimiga aylantirilib, unga barcha tashkiliy imkoniyatlar va moliyaviy resurslar taqdim etildi. O‘zaro kesishuvchi masalalarning bir vazirlik doirasida jamlanishi ularning yanada samarali va kompleks hal etilishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida 2023 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Xususan, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalla miqyosida davom ettiriladi. Aholi tashabbus ko‘rsatgan loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb uch baravar ko‘p, salkam 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirishni ta’minlovchi mexanizm ishga tushirilib, ular sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib, besh toifaga ajratildi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalarni toifalardan kelib chiqib ajratish ko‘zda tutilgan. Ular uchun soliq stavkalari ham har xil bo‘ladi.

Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” ijtimoiy uy-joy ipoteka dasturi ishga tushirilmoqda. Uy-joy qurilishi hajmi 1,5 baravar oshirilib, 90 mingta xonadon va yakka tartibdagi uy-joy quriladi. Tumanlar kesimida 2023 yilga mo‘ljallangan bandlik dasturlarini puxta ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Har bir kam ta’minlangan oila uchun yagona raqamli pasport ishlab chiqish, kambag‘allikdan chiqish bo‘yicha individual dasturlar tayyorlash, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mahallalarda 300 ta mikromarkaz yaratish ishlari boshlab yuborildi. Har bir tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Joriy yilda oilaviy biznes dasturi uchun 12 trillion so‘m ajratiladi. Bunday kreditlarning maksimal miqdori ortadi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun “Agrobank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq bankiga 300 million dollar miqdorida mablag‘lar uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yil muddatga 10 foiz stavkada ajratiladi.

Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri