Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU2023”, “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan – 2023” xalqaro ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi mahalliy va xorijlik ekspertlarning  yoqilg‘i-energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Unda Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Niderlandiya, BAA, Xitoy kabi 24 davlatdan 50 nafar ma’ruzachi va 500 nafardan ortiq delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, forum doirasida  “Yashil energetika texnologiyalari – GETCA 2023” ixtisoslashtirilgan bo‘limida global miqyosda toza va barqaror energiya masalalari haqida so‘z yuritiladi.

Ayni paytda “O‘zbekiston neft va gazi – OGU2023” xalqaro ko‘rgazmasi va “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan – 2023” xalqaro ko‘rgazmasida 22 davlatdan 270 dan ortiq kompaniya va korxonalar o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, “O‘zbekneftgaz” AJ va “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori –“ICA Eurasia” hamkorligida tashkil  etilmoqda.

O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumining rasmiy ochilishi ertaga, ya’ni 19 may kuni soat 11:00 da bo‘lib o‘tadi.


Nasiba Ziyodullayeva,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA