AOKAda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida baliqchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga shu jumladan, baliqchilik tarmog‘iga ham hukumat darajasida katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qaror va farmonlar qabul qilindi. Bularning ijrosini ta’minlash asosida sohaga ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi, yangi innovatsion va intensiv texnologiyalar kirib kela boshladi.

Natijada xorijiy davlatlar, jumladan, baliqchilik tarmog‘i rivojlangan Vetnam, Xitoy, Eron, Vengriya, Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlar texnologiyalari respublikada joriy etila boshlandi.

Birgina o‘tgan 2022 yilning o‘zida baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, baliq yetishtirish hajmini oshirish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda respublikada baliq turlari xilma-xilligini oshirishga yo‘naltirilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yilda umumiy qiymati 1,1 trillion so‘m bo‘lgan 290 ta yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirilib, 3 ming 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yil I choragi davomida 65 ta loyihaga 240 milliard so‘m moliyalashtirildi hamda 23 ta hududiy loyiha ishga tushirildi. Natijada 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Aholi bandligi va daromadini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha hozirgi kunda 3,1 ming xonadonda intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda baliq lichinkalarini ishlab chiqaruvchi 7 ta inkubatsiya sexi hamda baliq chavoqlarini yetishtiruvchi 300 gektar reproduktor havzalar barpo etiladi.

Omuxta yem ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona va baliqni qayta ishlovchi 5 ta korxona ishga tushiriladi. Yuqoridagi ishlarni tizimli tashkil etish hisobiga yil yakuniga qadar 800 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilmoqda.


Sh.Mamaturopova, O‘zA