Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Tashkent Law Spring” III xalqaro yuridik forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov Ozarbayjon Respublikasi adliya vaziri Fikret Mamedov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi tizimli va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ikki davlat adliya vazirliklari o‘rtasida mavjud munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon Adliya vazirliklari o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Dastur doirasida tomonlar adliya va huquq, normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish sohasida hamda adliya organlarida innovatsiyalar va AKTni joriy etishda doimiy ravishda tajriba almashib borish maqsadida o‘zaro amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, hujjatda yuristlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda sud ekspertizasi sohalarida tomonlarning tegishli muassasalari o‘rtasida anglashuv memorandumlarni imzolash orqali hamkorlikni mustahkamlash masalalari o‘z aksini topdi.
N.Abduraimova, O‘zA