Samarqand shahridagi Xalqaro turizm markazida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumani davom etyapti. Uchinchi kun dasturidan ham tomonlar uchun birdek manfaatli jihatlarni nazarda tutgan tadbirlar o‘rin olgan.

Ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan respublikamiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi bir necha sessiya – “O‘zbekiston kapital bozorining rivojlanishi” va “O‘zbekiston banklari transformatsiyasi va banklarimizni xususiylashtirish jarayoni” Forum-hamkor sessiyalari, shuningdek “Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi. Amerika hikoyasi: AQSH biznesi Nima sababdan Markaziy Osiyoda” Biznes aloqasi, “Raqamli ulanishni ta’minlash: Marokashdan Samarqandgacha” munozara paneli mahalliy ekspertlarimiz diqqat markazida bo‘ladi.

Tabiiyki, 70 dan ziyod davlat vakillari, 2 yarim mingga yaqin mutaxassis ro‘yxatdan o‘tgan mazkur global anjuman davomida barcha ishtirokchi mamlakatlar uchun foydali kelishuvlarga erishilayotgani, bitim va shartnomalar imzolanayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Zero, dunyoning eng yirik, obro‘li moliyaviy tuzilmalaridan biri – YeTTB tomonidan uyushtirilgan an’anaviy yillik eng yirik forumda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Biz uchun muhimi ayni nufuzli voqea diyorimizda bo‘lib o‘tyapti va O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega mavzularga ustuvorlik berilishi aniq.

Anjumanni bevosita kuzatib borayotgan O‘zA muxbirlari ekspertlar, mutaxassislar yordamida tafsilotlarga ham e’tibor qaratishni rejalashtirgan.

G‘ayrat Xonnazarov,

Muhammad Amin (surat), O‘zA