Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qirq uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi  okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar bilan okrug saylov komissiya tarkibi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, 11 may kuni hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, joriy yilda quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, korxona, xonadon va ijtimoiy ob’ektlarda 1 ming 200 megavattli quyosh panellarini o‘rnatish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Dao‘letiyarov ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqliq tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiyalash, elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatishda texnologik chiqindilarni kamaytirish, kuz-qish mavzumida elektr va gaz tarmoqlarini kapital ta’mirlash kabi qator chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.

Sessiya kun tartibida shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston filiali rahbarlarining axboroti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi,  nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2021-2022 yillarda amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA