Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida statistik kadrlar ko‘nikmalarini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida tahliliy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularning olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llashga yo‘naltirish, shuningdek, iqtisodiy fanlardan iborat zamonaviy ta’lim standartlari va sifat jihatidan yangi o‘qitish tizimini takomillashtirib borish, ayniqsa, xorijiy davlatlarning sohaga oid ilg‘or tajriba hamda  ilmiy-tadqiqot yutuqlarini ayirboshlash, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik qilish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Shulardan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi amaliy natija sifatida, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi hamkorligida joriy yilning 15-19 may kunlari Moskva shahrining G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida ilk bor I-Xalqaro talabalar statistika festivali doirasida   Statistika bo‘yicha talabalar xalqaro olimpiadasi tashkil etilib, unda O‘zbekistondan ikkita jamoa ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbir o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha uchun malakali kadrlarni shakllantirib borish, statistikaning mavqeini yanada mustahkamlash hamda xalqaro talabalar ilmiy hamkorligini yanada rivojlantirishdir. Ushbu festivalda Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va O‘zbekiston jamoalari uch bosqichli tanlovdan o‘tadilar. Bundan tashqari, festival doirasida, statistika sohasidagi boshqa davlatlarning OTM va ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

O‘ylaymizki, statistika bo‘yicha respublika darajasida ham ko‘p bosqichli talabalar olimpiadalari an’anasini tiklash, shu kabi xalqaro olimpidalar uchun iqtidorli talabalarni tanlab olish va ular bilan manzilli ishlash uchun zamin yaratadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti talabalarining amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, statistik metodologiya va amaliyotini chuqurroq o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda va yoshlarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Otabek Qahhorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 

Statistika agentligining KMO va STI prorektori, i.f.d., prof.