Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida professor-o‘qituvchi va xodimlar ishtirokida “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” shiori ostida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Tadbir filial professor-o‘qituvchilari va xodimlari orasida oila mustahkamligini ta’minlash,  ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati, shu orqali xodimlarning oilaga bo‘lgan munosabatini yanada yaxshilash, jamiyatda barchaga o‘rnak bo‘la oladigan oila bo‘lishga intilishi uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlovda professor-o‘qituvchilar va xodimlar uch jamoaga bo‘lingan holda mantiqiy va qiziqarli savol-javoblar, pantomimika, maqollarni davom ettirish kabi qiziqarli shartlar asosida o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Ayniqsa, oiladagi baxtni chiroyli jumla bilan tasvirlab berish shartida har bir  ishtirokchi  uning muqaddas qo‘rg‘on ekanligini yana bir marta chuqur his qilgan holda, ezgu orzu-umidlari, shirin xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Bayramona ruhda o‘tgan tanlovning yakunida jamoalar munosib taqdirlandi. Jumladan, o‘qituvchilardan tashkil topgan “Omadlilar” jamoasiga “Eng zukko oila vakillari”, xodimlar va o‘qituvchilarning  “Ziyolilar” jamoasiga “Eng namunali oila”, bo‘lim rahbarlaridan tashkil topgan “Rahbarlar” jamoasiga esa “Eng yosh lider oila” nominatsiyasi g‘olibligi berildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri