Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqasida huquq sohasidagi muhim voqealardan biri hisoblangan “Toshkent huquq bahori” (“Tashkent Law Spring”) III Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan BMT, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda 20 dan ortiq davlat vakillari, shu jumladan, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sloveniya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy mavzusi – “Fundamental huquqlar – abadiy qadriyatlar”. Forum huquq sohasidagi zamonaviy ilm-fan yutuqlarini O‘zbekistonda va jahonda ommalashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.
Forumning ochilishida O‘zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov fundamental huquqlar har bir shaxsning qadr-qimmati va tengligiga asoslanishini qayd etdi. Ulardan inson huquqlarining asosiy qadriyatlari – shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar kelib chiqadi. Ushbu fundamental huquqlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan bo‘lib, hamma joyda bir xil himoya qilinishi shart. O‘zbekistonning hozirgi siyosati ushbu g‘oyalar asosida jamiyatni qayta shakllantirishni ko‘zda tutadi. Bu g‘oyalar ortga qaytmas darajaga chiqqanini yaqinda referendum orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangilangan tahrirdagi Konstitutsiyasida ko‘rish mumkin.
“Tashkent Law Spring” III xalqaro, xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan fundamental huquqlar prizmasi orqali zamonaviy huquqiy tendensiyalarni muhokama qilish uchun ochiq platforma vazifasini bajaradi.
Ikki kun davomida 16 ta muhokama sessiyasi davomida jami 132 ma’ruza o‘qilishi rejalashtirilgan. Anjumanning 600 dan ortiq ishtirokchisi zamonamizning dolzarb huquqiy masalalarini muhokama qilishi va ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda ularni maqbul hal etish yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xususan, forum doirasida ishtirokchilar “Nizolarni muqobil hal etish: mediatsiyadan arbitrajgacha”,“Sifatli norma ijodkorligi orqali qonun ustuvorligi qadar”, “Yuridik sohada raqamli texnologiyalar”, “Davlat xizmatlari: muvaffaqiyatlar, vazifalar va istiqbollar”, “Korrupsiyaga qarshi siyosat” kabi mavzular yuzasidan fikr almashadi. Shuningdek, forumning xorijiy ishtirokchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida xolis ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Forum an’anaviy tarzda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro huquqiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun o‘ziga xos imkoniyatdir.
Norgul Abduraimova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA