Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni mazkur nufuzli forumda ishtirok etdi.

Sammit ishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis, YeTTB Boshqaruvchilar kengashi raisi Magnus Brunner, xorijiy hukumatlar, yetakchi transmilliy korporatsiyalar va sanoat xoldinglari, xalqaro moliya institutlari va banklarning rahbarlari va vakillari, shuningdek, dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va innovatsiyalar sohasi ekspertlari va tahlilchilari, fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlar – 2,5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishi qadimiy va betakror Samarqandda o‘tkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

YeTTBning bunday yig‘ilishi mamlakatimizda 20 yil oldin bo‘lib o‘tgan edi. Undan beri O‘zbekiston ancha o‘zgargani, iqtisodiyot erkinlashtirilgani, barcha sohalarda keng ko‘lamli yangilanishlar boshlangani va izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ushbu islohotlar dasturini amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri. Uning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgan. Shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangan.

O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirgan. Yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigidir.

Davlatimiz rahbari xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari bank bilan hamkorlikda bu sohalarda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bankni qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikdagi mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishga taklif etdi.

– Bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlash lozimki, YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisi global iqtisodiyot istiqbollarini keng muhokama va chuqur tahlil qilish, uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim platformadir.

Iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish, xalqaro savdoni rag‘batlantirish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, raqamlashtirishni jadallashtirish, moliyaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, “yashil iqtisodiyot” dasturini ilgari surish masalalari forumning markaziy mavzulari bo‘ldi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston investitsiya taqdimoti o‘tkazilib, biznes sohasida qanday katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib berildi.

2022 yil davomida YeTTB O‘zbekistondagi 26 loyihaga, qariyb 900 million dollar miqdorida sarmoya kiritdi. Bu mamlakatimizning o‘sib borayotgan investitsiyaviy jozibadorligi, yurtimizda yaratilgan qulay me’yoriy-huquqiy muhitning e’tirofidir. Bank ayni paytda bir qator yirik, jumladan, mintaqadagi qayta tiklanadigan energetika sohasiga yo‘naltirilgan eng yirik loyihalarni moliyalashtirmoqda. O‘tgan yil oxirida YeTTB ko‘magida O‘zbekistonda o‘tkazilgan Xorijiy investorlar Kengashining birinchi yalpi majlisi xorijiy investorlar va islohotlarni ilgari surayotgan rasmiylar o‘rtasidagi muloqot uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

35,6 million aholiga ega, Markaziy Osiyoning qoq markazida, Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan bozor sifatida mintaqada o‘ta muhim strategik ahamiyat kasb etishini bugun butun dunyo tan olmoqda. Siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik namoyon etayotgan mamlakatimiz tabiiy gaz, oltin, uran, kumush, mis kabi moddalarning boy zaxirasi, shuningdek, azaliy an’analari, yirik ishlab chiqarish uchun ulkan salohiyati, yosh, malakali ishchi kuchi tufayli mintaqaga sarmoya kiritish uchun muhim o‘lkaga aylanmoqda.

Anjuman sessiyalarida sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ayni paytda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasida qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. Buyuk muhaddis maqbarasi ziyorat qilinib, Qur’on oyatlari tilovat etildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti 18 may kuni yakunlanadi.

         Z.JONIBEKOV, G‘.HASANOV, O‘zA muxbirlari