Rossiya Federatsiyasi bilan qurolli mojaro boshlangandan buyon Ukrainada 23 ming oddiy aholi halok bo‘ldi, dedi BMTning favqulodda yordam bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Martin Griffits. Uning qo‘shimcha qilishicha, haqiqiy qurbonlar soni ancha yuqori bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda BMT matbuot xizmati yozgan.
Griffits har ikki tomonida jangovar harakat, jumladan, raketa hujumi kuchaygani, bu esa jiddiy gumanitar oqibatga olib kelayotganini qayd etdi. Front chizig‘i, shuningdek, Ukrainaning Rossiya bilan chegarasi bo‘ylab ko‘plab hududlar qurshab olingan. Shunday manzillar aholisi suv ta’minoti, oziq-ovqat va tibbiy yordamdan uzilgan.
— O‘tgan haftaning o‘zida Xersonda turar-joy, maktab, klinika va qariyalar uyi shikastlangani, o‘nlab aholi boshpana yoki tibbiy yordamga muhtojligi xabar qilingan, — dedi Griffits. — Odessada gumanitar yordam omboriga raketa zarbasi yo‘llandi. Ukraina Qizil Xoch bo‘limining Nikolayevdagi mobil klinikasi ham jabr ko‘rdi. Gumanitar yuk, muhim tibbiy asbob-uskuna yo‘q qilindi.
Favqulodda yordam bo‘yicha mutaxassis tomonlarga xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, oddiy aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun, ular hamma narsani qilishga majbur ekanligini eslatdi.
Griffits so‘nggi hujumlar oqibatida gumanitar yordam xodimlari jabr ko‘rmagani, biroq ular doimiy xavf ostida ekani, Ukrainaga gumanitar yordam yetkazilishi qiyinlashganini ta’kidladi. Xavf va qiyinchilikka qaramay, BMT hamkorlari bilan birga aholini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. 2023 yil birinchi chorakda 3,6 million kishi yordam oldi.
Shu bilan birga u hozir Rossiya Federatsiyasi harbiylari nazorati ostida bo‘lgan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining barcha hududlariga yordam yetkazilishida to‘siqlar mavjudligini ma’lum qildi.
— Aytganimdek, xalqaro gumanitar huquq me’yoriga muvofiq, tomonlar ehtiyojmand fuqarolarga tez va to‘siqlarsiz gumanitar yordam yetkazilishiga ko‘maklashishi, xodimlar erkin harakatlanishini ta’minlashi shart, — dedi Griffits. — Men tomonlarni bu boradagi sa’y-harakatni kuchaytirishga chaqiraman.
Qora dengiz tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan eksport, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan oziq-ovqat va o‘g‘it eksporti global xavfsizlik masalasida muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, hozirgi kunga qadar tashabbus doirasida Ukraina portlaridan 30 million tonnadan ortiq yuk xavfsiz eksport qilindi, shuning 55 foizdan ziyodi rivojlanayotgan mamlakatlarga, deyarli 6 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kam rivojlangan mamlakatlarga jo‘natilgan. Bu Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan Afg‘oniston, Efiopiya, Keniya, Somali va Yamandagi gumanitar amaliyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash uchun tashilgan 600 ming tonnaga yaqin bug‘doy, degani.
FAO ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 12 oy ichida dunyoda don narxi, deyarli, 20 foiz arzonlashgan. O‘tgan oy bug‘doyning global narxi 2021 yil iyulidan beri eng past darajaga tushdi. Bu ko‘rsatkich, qisman, Ukraina doni eksporti, shuningdek, Rossiya va boshqa mamlakatlardan chiqadigan ko‘p hajmdagi don tufayli yuzaga chiqdi.
Shu bilan birga, Griffits qayd etishicha, so‘nggi bir oyda Ukraina hududidagi Qora dengiz portlaridan mahsulot eksporti hajmi sezilarli darajada qisqargan. BMT Savdo va taraqqiyot konferensiya bosh kotibi Rebeka Grinspan va uning jamoasi RF va BMT Kotibiyati o‘rtasida Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini ilgari surish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida ish davom etayotganini ta’kidladi. Natijada o‘g‘itlar jahon bozoriga chiqariladi.
BMT Favqulodda yordam bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi tinchlik o‘rnatish va inqirozning siyosiy yechimini topishga chaqirdi.
G.Sattorova, O‘zA