Bosh prokuraturada BMT Taraqqiyot dasturining “Osoyishta va inklyuziv jamiyatlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish” (ACPIS) Global loyihasi missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan osoyishta va inklyuziv jamiyatlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi Global loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid maxsus chora-tadbirlardan iborat bo‘lgan ilk hujjat hisoblanadi.

Uchrashuv davomida o‘tgan davr mobaynida loyiha doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Ijobiy natijalarga erishilgani, bunda ushbu loyihaning hamda xalqaro ekspertlarning bergan tavsiyalari va ko‘maklarining o‘rni beqiyos ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Shu munosabat bilan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va Global loyiha maslahatchisi Anga Timilsinalarga alohida minnatdorlik bildirildi.

Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida kelgusida ham samarali hamkorlik ishlarini davom ettirish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro fikr va mulohaza almashildi.


N.Abduraimova, O‘zA