Buxoroda o‘tkazilayotgan Davlat idoralari faoliyat ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumida viloyat hokimi Botir Zaripov ma’ruza kildi.

Ta’kidlanishicha, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” gi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi qonunlar barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq ko‘zi bilan baho berish imkonini yaratdi.

– Ochiqlik, shaffoflik degan tushunchalar, eng avvalo, axborot bilan bog‘liq, – dedi B.Zaripov. – Shunday ekan, mamlakatimizda bu sohada jadal transformatsiya yuz berayotganini qayd etish kerak. Sohadagi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi sifatida 2021 yilning 16 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi.  Mazkur hujjat bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarida mavhum bo‘lgan muammoli masalalar to‘liq o‘z yechimini topdi. So‘nggi vaqtlarda ko‘p muhokama bo‘layotgan davlat xaridlari sohasini olaylik. Mazkur farmon bilan 2021 yilning 1 iyulidan e’tiboran har bir davlat organlari va tashkilotlari Ochiq ma’lumotlar portalida davlat xaridlari bo‘yicha barcha ma’lumotlarni joylashtirib bormoqda. Xususan, portalda tender asosidagi xaridlardan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar haqidagi ma’lumotlar ham o‘z aksini topadi.

Masalan, biror davlat organi mashina yoki kompyuter sotib olmoqchi. Ilgari bunday xaridlar to‘g‘risida tuzilgan shartnoma oldi-sotdi qilgan ikki tashkilotdan boshqa hech qayerda qayd etilmas edi. Endi shunday ma’lumotlar ham ochiqlanadi. Yana bir muhim masala. Barchamiz bilamizki, bir qator davlat idoralari tomonidan davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bunga byudjet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha moliyaviy tahlillar, soliq, yong‘in xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlardagi tekshiruvlarni misol qilib keltirish mumkin. Shu paytgacha o‘tkazilgan bunday tekshiruvlar hech qayerda ochiqlanmas edi. Endilikda bu haqidagi ma’lumotlar ham Ochiq ma’lumotlar portali orqali jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Umuman, farmon bilan ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjatda ochiq axborot turi, joylashtiriladigan resursi, taqdim etish va yangilash muddati hamda ularni joylashtirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlari aniq belgilab berildi. Bu davlat organlari va tashkilotlari faoliyatidan keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda muhim qadam bo‘ladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, davlat organi faoliyatining ochiqligi nima uchun kerak? Bu davlat organiga nima beradi?

Davlat organining ochiqligi, avvalambor, hisobdorlik uchun kerak. Ya’ni xalq davlat organiga emas, balki davlat organi xalqqa xizmat qilishi kerak degan tamoyilni to‘laqonli amalga oshirish uchun zarur. Odamlar u yoki bu tashkilot nima ish qilayotganini, uning faoliyati samaradorligini bilib turishi kerak. Qolaversa, hech qaysi idora o‘z xodimlarini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs ham, vaqt ham yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilishi lozim.

Ya’ni har bir xodim, o‘zining faoliyati to‘liq jamoatchilik nazoratida ekanligini, aytilgan har bir gapi, harakati minglab nigohlar kuzatuvida ekanligini his qilsa, u o‘z o‘zidan noqonuniy harakatlar haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Shu o‘rinda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ochiqlik sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Xalq deputatlari viloyat Kengashida Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya ish olib bormoqda. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan farmon bilan tasdiqlangan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar viloyat hokimligining rasmiy veb-saytida o‘z vaqtida joylashtirib borilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-sonli farmoniga muvofiq, 2021 yilning 1 dekabridan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi majburiy etib belgilandi.

Shundan kelib chiqib, Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalari “Buxoro” telekanali, shuningdek, viloyat hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi resurslari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sessiyalarning jonli translyatsiya qilinishi fuqarolarning huquqiy xabardorlik darajasini oshirishga va muhokama qilinayotgan masalalarning mazmuni bilan bevosita tanishishga xizmat qilmoqda. Ammo tan olib aytishimiz kerakki, ochiqlikni ta’minlash borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarimiz hali talaygina. Albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Mazkur forum ham jamiyat va davlat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala – davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi tajribalarni o‘rganish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda barcha uchun birdek muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilish uchun foydali maydon vazifasini o‘taydi, degan umiddaman.

Forum o‘z ishini davom ettirmokda  

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA