Mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir — joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in ketmoqda.

Ma’lumki, shu yilning 15 may kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun rasman ijozat berildi.

Qonunchiligimizga ko‘ra, saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foizining imzosini to‘plashi kerak. Bu Prezident saylovi kampaniyasidagi muhim jarayonlardan biri hisoblanadi.

Xo‘sh, imzo to‘plash jarayonlarining qanday tartib-qoidalari mavjud? Imzo to‘plashni amalga oshirayotganda nimalarga e’tibor berish lozim?

Bu borada milliy qonunchiligimizda, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 38-moddasida imzo to‘plash jarayonlari tartibi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakili ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli.

Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi. Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkin. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasi tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.

Ta’kidlash joizki, saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilishi mumkin. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olish taqiqlanadi. Aks holda bunday harakatlar qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ayni kunlarda saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalar respublikamizning barcha hududlarida imzo to‘plash jarayonlarini amalga oshirmoqda. Bunda partiyalarning barcha hududiy bo‘limlari vakillari, deputatlar, quyi bo‘g‘inlar a’zolari, partiya faollari ishtirok etyapti.

Imzo to‘plash tamomlanganidan so‘ng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi. Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.

Qayd etish joizki, Markaziy saylov komissiyasining Kalendar rejasiga ko‘ra, imzo varaqalari joriy yilning 3 iyunigacha topshirilishi lozim.

Muhtarama Komilova, O‘zA