17 may – O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavallud topgan kun.
Shoiraning satrlarida olov, iztirob, isyon bor. Uning she’rlari adabiyot muxlislariga juda qadrdon.
Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 may kuni Boyovut tumanida tavallud topgan. Ustoz shoira Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugatgan.
“Saodat” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), “Yozuvchi” nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), “Sanam” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan “XXI asr” gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shoiraning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik o‘ti” (1993), “To‘marisning aytgani” (1996) “Yo‘ldadirman” (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.
Adabiyotshunoslarning fikricha, Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy tuyg‘u va fazilatlar – muhabbat va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek ayollarining o‘y-xayollarini, kechinmalarini yorqin tasvirlashi bilan birga kitobxonlarda ayollarga nisbatan ehtirom tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga intilgan edi.
Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning “Alla” pesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgandi.
Ustoz shoiraning mehnatlari yuksak qadrlanib, 2017 yilda davlatimiz rahbari farmoni asosida “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy adabiyotimiz fidoyilariga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida ustoz Halima Xudoyberdiyeva ijodini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Halima Xudoyberdiyeva ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjumanlar, adabiy tadbirlar, she’riyat kechalari, ijod va adabiyot bayramlari, tanlov va viktorinalar muntazam tarzda o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar kitobxonlikni yanada rivojlantirish, milliy adabiyotimizni targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri