Avval xabar berganimizdek, bugun Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Anjuman doirasidagi tadbirlarni keng yoritish maqsadida Boqiy shahar majmuasi hududida matbuot markazi tashkil etilgan. Markazda ayni payt ish qizg‘in.

Bu yerda xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qizg‘in ish bilan band. Jurnalistlarga barcha zarur sharoit yaratilgan. Xususan, markaz zamonaviy kompyuterlar, yuqori tezlikka ega internet tarmog‘i bilan ta’minlangan.

Tadbir doirasida mamlakatimiz moliyaviy tuzilmalari hamda boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar qator xorijiy kompaniyalar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan manfaatli bitimlar imzolashmoqda.

Xususan, dastlabki kun “O‘zsanoatqurilishbank” va YeTTB mas’ul vakillari imzolagan shartnoma, YeTTB hamda “Mastercard” inklyuziv o‘sish Markazi o‘rtasida kuchga kirgan memorandum, YeTTB va “ACWA Power” kompaniyasi rahbarlari tasdiqlagan shartnoma yurtimiz iqtisodiyotini yanada jadal taraqqiy ettirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA