Samarqandda 16-18 may kunlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32 -yillik yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashkil etilganiga endigina 32 yil to‘lgan bo‘lsada, dunyoda o‘z o‘rniga ega xalqaro moliya instituti hisoblanadi. Yevropa va Osiyosining ko‘plab mamlakatlarini qamrab olgan. Bank ushbu mamlakatlarga bozor iqtisodiyotiga o‘tish, ularning jahon xo‘jalik hamjamiyatiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, tarkibiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berib keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur moliya instituti tashkil etilganidan buyon umumiy qiymati 180 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 6500 dan ko‘proq loyihalarni amalga oshirgan. 1992 yilda YeTTB ga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston bankning umumiy qiymati 44,1 million yevroga teng 4200 dona aksiyasiga egalik qiladi. Toshkent shahrida bankning vakolatxonasi, Andijon va Urganch shaharlarida ofislari ochilgan.
Bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 3,4 milliard yevrodan ortiq 100 ta loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni ma’qullagan. Bu loyihalar, asosan, kichik biznes, moliya sektori, transport infratuzilmasi va energetika tizimini rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, bank tomonidan ajratilgan mablag‘larning qatta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisoblanadi. E’tiborlisi, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida YeTTB eng ko‘p sarmoya kiritadigan davlat hisoblanadi.
YeTTB Boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yillik yig‘ilishi mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga yurtimizning iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarining salohiyati va boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Tadbirda dunyoning 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Iqtisodiyot barqarorligiga investitsiyalar kiritish masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzulariga bag‘ishlangan panel munozaralari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Kecha Samarqanddagi “Xalqaro turizm markazi”da mazkur tadbirlar boshlandi. Xorijiy tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, ekspert-mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa turli darajadagi mehmonlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan majmua hududida bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda tadbirlar tashkil qilingan.
Anjuman dasturiga ko‘ra, dastlab donorlarning “Barqarorlikni oshirish uchun donorlar bilan hamkorlik” mavzusidagi yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda YeTTB faoliyati yo‘lga qo‘yilgan barcha mamlakatlarda aholi turmush tarzini yaxshilash va bank vakolatini bajarishga yo‘naltirilgan ishlarning borishi muhokama qilindi. Ishtirokchilar 2022 yildagi hamkorlik natijasini ko‘rib chiqdilar, mintaqalarga ta’sir ko‘rsatayotgan mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha birgalikda ko‘rilayotgan choralar tahlil qilindi.
Fuqarolik jamiyati dasturi bo‘yicha YeTTBning 2023-2028 yillarga mo‘ljallangan Fuqarolik jamiyatini jalb qilish bo‘yicha strategik yondashuv dasturi muhokama qilindi. Yig‘ilishda “Nizolarni hal qilish orqali barqarorlik va huquqiy himoyaga erishish” mavzusi xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, YeTTB Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda chiqindilarni boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida bir qator chora-tadbirlarni moliyalashtirib keladi. Mamlakatimizda keyingi yillarda aynan davlat-xususiy sheriklik tizimi keng ommalashayotgan bir paytda, bu mavzu dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Masalan, YeTTB loyihalar bo‘yicha mustaqil hisobdorlik mexanizmi (IPAM) asosida faoliyat ko‘rsatuvchi muammoni hal qilish bo‘limi chiqindini boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida majburiy ravishda ko‘chirilgan Serbiyadagi Romi etnik guruhidagi 17 ta oila uchun uy-joy va daromad olishning muqobil yo‘llarini topish uchun manfaatli tomonlar orasida muloqot o‘tkazishga yordam berdi. Ushbu sessiyada ishtirokchilar duch kelingan muammolar, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha munozaraga kirishdi.
Mazkur masala muhokamasida ham bank dastur va loyihalari ishtirokchilari, xalqaro ekspertlar faol ishtirok etdi.
Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumani kun tartibidan o‘rin olgan savdoga ko‘maklashish dasturi tadbirlari ham yuqori saviyada o‘tdi. Mazkur anjuman savdoni moliyalashtirish bo‘yicha mutaxassislar, sanoat sohasidagi yetakchi ekspertlarga Jahon savdo tashkiloti va Xalqaro savdo palatasi vakillari bilan joriy bozor muammolarini milliy va xalqaro darajada ko‘rib chiqish hamda muhokama qilish uchun noyob imkoniyat taqdim etdi.
Ushbu dastur doirasida, jumladan, mintaqamiz bilan bog‘liq Markaziy Osiyo va Kavkazda savdoni moliyalashtirishni rivojlantirishga qaratilgan “yashil” savdo tizimini rivojlantirish mavzusi muhokamasi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.
Munozaralarda YeTTB Prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi yetakchi mutaxassislar, jumladan, birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink, YeTTB Savdoga ko‘maklashish dasturi rahbari Rudolf Putz, Moliya institutlari boshqaruvchi direktori Frensis Malij, shuningdek qator mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan spikerlar – “Asakabank” AJ raisi o‘rinbosari Boboxon Abdullayev va “O‘zsanoatqurilishbank”ning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Najmiddinov taqdimotlari, fikr-mulohazalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalardan so‘ng YeTTB Savdoga ko‘maklashish dasturi doirasida 2022 yil davomida erishgan yutuqlari uchun eng faol sherik banklarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar davom etmoqda.
G‘ayrat Xonnazarov, G‘olib Hasanov, O‘zA muxbirlari