Boku shahrida Ozarbayjon umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Ozarbayjon Respublikasi parlamenti – Milliy mejlisning maxsus majlisi o‘tkazildi.

Unda 26 davlatning parlamenti rahbarlari va a’zolari, xalqaro parlament tashkiloti vakillari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Delegatsiyalar Faxr xiyobonida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Tadbir davomida Haydar Aliyev shaxsi va merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma bilan tanishildi.

Maxsus majlisda so‘zga chiqqanlar Haydar Aliyev XX asrning atoqli davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixdan joy olgani, uning ko‘p qirrali faoliyati mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilganiga to‘xtaldi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘z so‘zida Ozarbayjonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, millat birdamligi shakllanishi va milliy tafakkur tubdan o‘zgarishi Haydar Aliyev nomi bilan bog‘liq ekani, bu inson rahbarlik qilgan davrda Ozarbayjon taraqqiy etgan mustaqil davlat sifatida xalqaro maydonda e’tibor qozonganini ta’kidlab o‘tdi.

– O‘zbekistonda Haydar Aliyev xotirasi yuksak darajada qadrlanadi, – dedi T.Norboyeva. –O‘zbek xalqi bu tarixiy shaxs, yirik siyosatchining O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasini doimo yodda tutadi. Uning xotirasi yurtimizda abadiylashtirilgan. Bugun Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Haydar Aliyev nomi berilgan, uning yorqin xotirasiga yodgorlik barelefi o‘rnatilgan. Bu o‘zbek xalqining ozarbayjon xalqi milliy yetakchisiga bo‘lgan yuksak hurmati ifodasidir.

N.Abduraimova, O‘zA