Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiyaning AQSH ga safari ikki tomonlama uchrashuv va amaliy muloqotlarga boy bo‘ldi.
Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, vakillarimiz belgilangan dastur doirasida USP Amerika Qo‘shma Shtatlari Farmakopeya konvensiyasiga tashrif buyurdi. Muassasa dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari uchun AQSH hukumati standartlarini belgilovchi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.
Ushbu Farmakopeya standartlari jahonning 140 dan ortiq davlatlarida amal qiladi. Belgilangan mazkur me’yorlarga okean orti mamlakatida rioya etilishi Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA), AQSH tomonidan nazorat qilinadi.
Aytish joizki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan “Farmakopeya diskussiya guruhi” (“Pharmacopeial Discussion Group” ‒ PDG) tashkil etilgan bo‘lib, AQSH, Yevropa va Yaponiya farmakopeyalarini, shuningdek kuzatuvchi sifatida qo‘shilgan Hindiston farmakopeyalarini o‘zaro uyg‘unlashtirish vazifasi bilan shug‘ullanib kelmoqda. O‘z navbatida, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqishda Amerika Qo‘shma Shtatlari farmakopeyasidan foydalanish, uni ko‘p jihatdan dunyoda yetakchi bo‘lgan Yevropa va Yaponiya farmakopeyalari bilan ham uyg‘unlashtirilishini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, farmakopeya bu alohida mamlakatda yoki ma’lum bir hududida ishlatiladigan dori vositalari sifatini ta’minlash uchun qonunan rioya etilishi shart bo‘lgan standartlar to‘plamidir.
Zamonaviy farmakopeyalaring asosiy vazifasi esa, dori vositalari sifatiga umumiy talablarni, shuningdek faol farmatsevtika substansiyalari, tayyor dori vositalari, yordamchi moddalar, reaktivlar, reagentlar va shu kabilarga qo‘yiladigan alohida sifat standartlarini belgilashdan iboratdir.
Uchrashuvda ushbu yo‘nalish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini AQSH Farmakopeyasiga uyg‘unlashtirish va tatbiq etish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi.
Mamlakatimiz tibbiyot tarixidagi bu muhim kelishuv kelgusida yurtimizda dori vositalari sifat nazoratining xalqaro talablar darajasida bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, yurtimizda ishlab chiqariladigan mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining sifat bo‘yicha dunyo bozorida raqobatbardoshligi hamda eksport hajmining oshishiga olib keladi.
M.Qosimova, O‘zA