Samarqand shahridagi Xalqaro turizm markazining “Ballroom” zalida ayni payt Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumani dasturidan o‘rin olgan Savdoga ko‘maklashish dasturi tadbirlari bo‘lib o‘tyapti.
Mazkur anjuman savdoni moliyalashtirish bo‘yicha mutaxassislar, sanoat sohasidagi yetakchi ekspertlarga Jahon savdo tashkiloti va Xalqaro savdo palatasi vakillari bilan joriy bozor muammolarini milliy va xalqaro darajada ko‘rib chiqish hamda muhokama qilish uchun noyob imkoniyat taqdim etdi.
Ushbu dastur doirasida, jumladan, mintaqamiz bilan bog‘liq Markaziy Osiyo va Kavkazda savdoni moliyalashtirishni rivojlantirishga qaratilgan “yashil” savdo tizimini rivojlantirish mavzusi muhokamasi ko‘pchilikning diqqat markazida.
Munozaralarda shaxsan YeTTB Prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi yetakchi mutaxassislar, jumladan, birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink, YeTTB Savdoga ko‘maklashish dasturi rahbari Rudolf Putz, Moliya institutlari boshqaruvchi direktori Frensis Malij, shuningdek qator mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etayotgani tanlangan mavzu naqadar jolzarb ekanidan dalolat.
Ayniqsa, O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan spikerlar – “Asakabank” AJ raisi o‘rinbosari Boboxon Abdullayev va “O‘zsanoatqurilishbank”ning Moliya institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Najmiddinov taqdimotlari, fikr-mulohazalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalardan so‘ng YeTTB Savdoga ko‘maklashish dasturi doirasida 2022 yil davomida erishgan yutuqlari uchun eng faol sherik banklarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
G‘ayrat Xonnazarov, A’lo Abdullayev, O‘zA