Prezident tashrifidan so‘ng…

Bu Shayxontohur tumanidagi Jangoh mahallasi. Rais ana u binoda, profilaktiga inspektori bu binoda, yoshlar yetakchisi esa sal uzoqroqda. Kech bo‘lganda, qorong‘ida mahallani aylanmagan ma’qul. Noqonuniy qurilmalar orasidan daydi itlar chiqib qolishi mumkin. Asfaltlarning buzilib ketganiga e’tibor qilmaysiz…

– Yaqin yillarda mahallamizda mehmon bo‘lganlaringizda shu alfozda gaplashgan bo‘lardik, ehtimol, – deydi mahalla raisi Soipjon ota Akromov. – Jangoh poytaxtimizning markazida joylashgan mahalla. Bu yerdagi 52 ta ko‘p qavatli uyda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Quyi tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar bizning mahallada ham o‘z ifodasini topmoqda. Mahalla mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘zida namoyon etib turadigan maskan sanaladi. Xalqimiz bu o‘zgarishlardan mamnun.

Yaqinda bu mahallaga Prezident keldi, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Aholi bilan dildan suhbatlashdi. Tashrifdan so‘ng jangohlik faollar bilan mahalla ayvonidagi suhbatimiz ana shunday samimiy kayfiyatda o‘tdi.

Mahalla markazi yangidan bunyod etilgani aholiga qator qulayliklar yaratdi. Sababi mahalla binosi, nuroniylar uchun maxsus ayvon, “Yangi Jangoh” boshqaruv servis kompaniyasi ofisi, birlamchi shifo maskani, qandolat mahsulotlari sotiladigan do‘koncha bir joyga jamlandi.

Shuningdek, hududdagi ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofaga kirdi. Maydonchalar va ichki yo‘llar tekislanib, atrofi obodonlashtirildi. Sport maydoni, bolalar o‘yingohi va avtoturargoh tashkil etildi. Bu aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega.

Mahalladagi noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, ovloq joylarga ham tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Ijtimoiy soha ob’ektlari, kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi.

Aslida bunday o‘zgarishlar faqat shu mahallada bo‘layotgani yo‘q. Bu islohotlar butun mamlakat bo‘ylab keng quloch yoygan. Mahalladagi o‘zgarishlar bilan tanishar ekanmiz Andijondagi Sadda tagi, Buxorodagi Rabotiqalmoq, Nukusdagi Altin jag‘is kabi mahallalarda ko‘rganlarimiz ko‘z o‘ngimizda yana bir marta gavdalanganday bo‘ladi.

Jangohda hovlilar mavjud emas, oilalar ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladi. Shu jihatdan ham mahallaning drayveri, asosan, xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik yo‘nalishi sanaladi. O‘ndan ortiq maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, yuzga yaqin savdo do‘konlarida hudud yoshlari doimiy ish bilan band. Shunday bo‘lsada aholining daromad olish manbalari soni ortishiga harakat qilinmoqda.

Mahallada bitta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, bu yerda 500 nafarga yaqin bolajon tarbiyalanmoqda. Bu raqam hududda maktabgacha ta’lim qamrovi yuz foizga yetganini anglatadi.

Savdo shoxobchalari, avtomobillarni ta’mirlash ustaxonasi, tikuvchilik markazi, sartaroshxona kabi tadbirkorlik sub’ektlari aholi xizmatida.

Janggoh mahallasida ham “beshlik” – mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlanib, ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 230 nafardan ortiq fuqaro doimiy e’tiborda.

Olib borilayotgan ishlar samarasi har bir yo‘nalishda o‘z ifodasini topmoqda. O‘tgan yillar “qizil” hudud toifasida bo‘lgan mahallada joriy yilning o‘tgan davrida biror marta jinoyat sodir etilmadi.

Mahalladagi ko‘p qavatli uylar avvallari yettita shirkatga biriktirilgan edi. Bu shirkatlarning soni ko‘p, lekin boshqaruvning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, moddiy-texnik baza yetishmasligi oqibatida mavjud muammolar vaqtida bartaraf etilmagan. Holat esa aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lavergan.

– Prezident ish faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi, – deydi “Yangi Jangoh” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Aziz Rahimov. – Kompaniyamiz shu mahalladagi mavjud 52 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ayni paytda 24 nafar mutaxassis va maxsus texnikalarimiz aholi xizmatida. Ular zarur uskuna va texnikalar bilan ta’minlangan. Muammo chiqsa tezkor tuzatash imkoniyatiga egamiz. Yana bir muhim tomoni, hisob-kitoblarda billing tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. “Mening uyim” mobil ilovasi ham aholiga qulaylik yaratmoqda. Davlatimiz rahbari kommunal tarmoqlarni yangilab borish, aholi ishonchini qozonib, to‘lovlar barqarorligini ta’minlash yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra mamlakatimizda mana shunday sakkiz yuzdan ortiq boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizdagi mavjud 40 ming 700 dan ortiq ko‘p qavatli uyning 90 foizdan ortig‘iga shunday kompaniyalar tomonidan xizmat ko‘rsatila boshladi. Bu aholi yashash manzillaridagi qanchadan-qancha muammolarga tezkor va samarali yechim topilayotganidan dalolat.

Prezident tashrif davomida mahallada “beshlik” tizimi joriy qilinib, keng imkoniyatlar berilganiga urg‘u berdi. Bugun ular aholi bilan davlat o‘rtasida ko‘prik. Bu ko‘prik qancha adolatli, shaffof, mustahkam bo‘lsa, xalq shuncha rozi bo‘lishi ta’kidlandi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri