Chempionlikni omad va texnik-taktik ustunlik belgilaydimi?
Bugun, 14 may kuni poytaxtimizda boks bo‘yicha jahon chempionatining so‘nggi final janglari bo‘lib o‘tadi.
Chempionlik janglari davomida 7 ta vazn toifasida oltin va kumush medal sohiblari aniqlanadi. Hamyurtlarimiz 4 ta vazn toifasida oltin medallar uchun bahsga kirishadi.
54 kilogramm vaznda terma jamoamiz a’zosi Oybek Jo‘rayev qozog‘istonlik Mahmud Sabirxon bilan, 57 kilo og‘irlikda Abdumalik Xalakov Kuba vakili Saidel Xorta bilan, 63,5 kiloda Ruslan Abdullayev mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsux bilan hamda 71 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Saidjamshid Ja’farov Qozog‘iston terma jamoasi sardori Aslanbek Shimbergenov bilan g‘oliblik masalasini hal etadi.
Janglar Toshkent vaqti bilan soat 17.00 da boshlanadi.
Oybek Jo‘revning raqibi 22 yoshli Sabirxon 2021 yili Belgradda o‘tgan jahon chempionati hamda o‘tgan yilgi qit’a chempionati kumush medali sohibi sanaladi. Aynan Serbiya poytaxtida kechgan dunyo birinchiligida Mahmud Sabirxon hamyurtimiz Shahzod Muzaffarovni 1/2 finalda dog‘da qoldirgandi. Shu ma’noda Jo‘rayev uchun yoshlar o‘rtasida uch marta qit’a chempionligiga erishgan Mahmud Sabirxon bilan o‘tadigan jangi oson bo‘lmasligini anglash mumkin.
Yoshlar o‘rtasida 2018 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Xalakovning finldagi raqibi kubalik Saidel Xorta okeanorti jamoasining yosh a’zolaridan sanaladi. Lekin Kuba boks maktabi vakillarining imkoniyatlaridan kelib chiqsak, Abdumalik uchun final “dueli” murakkablikka egaligidan dalolat.
Aytish lozimki, bugungi final janglari orasida hamyurtimiz Ruslan Abdullayevni ham qiyin uchrashuv kutib turibdi. Uning raqibi mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsux 2016 va 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, Osiyo o‘yinlari va qit’a chempiontlarining sovrindori hisoblanadi.
71 kilo og‘irlikda Saidjamshid Ja’farov – Aslanbek Shimbergenov uchrashuvi hamyurtimiz uchun ham, Aslanbek uchun ham jahon chempionatining yuqori nuqtasidagi muhim voqelik. Boisi, har ikkalasi ilk bor boks bo‘yicha jahon chempionligiga bir qadam yaqin turibdi. Aslanbek Shimbergenov o‘tgan yili ushbu vaznda qit’a chempionligiga erishganligi, Saidjamshid 75 kiloda ikki bor Osiyoda tengsiz ekanligini isbotlagan holda jahon chempionatida 71 kilo og‘irlikda kuchlilarni mag‘lub etib finalga yo‘l olganligini nazarda tutsak, texnik va taktik ustunlik hamyurtimizda tomonida bo‘ladigandek. Chempionlik baxti ularning qay biriga nasib etishini esa bugungi bahs aniqlab beradi.
T.RO‘ZIEV, O‘zA