Qirg‘izistonning Bishkek shahrida konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha o‘tayotgan “Eurasia league Bishkek 2023” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

Xalqaro turnirning Gran-pri yo‘nalishida qatnashgan hamyurtimiz Xurshidbek Alimjonov tulporida 150 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturidagi masofani jarima ochkolarsiz bosib o‘tib, eng yuqori natijani qayd etdi.

Ikkinchi o‘rin “Bozart De Ruet” otida ishtirok etgan A’zam Tolibboyevga nasib etgan bo‘lsa, Rinata Galimova (Qirg‘iziston) kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Mazkur turnirda qatnashgan terma jamoamiz a’zolaridan Bekzod Qurbonov va Nurjan Tuyakbayev keyingi pog‘onalardan joy oldi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA