“Tashkent Law Spring”, ya’ni “Toshkent huquq bahori” xalqaro yuridik forumiga 2019 yilda asos solingan. Bu forum huquq sohasining eng ilg‘or vakillarini bir yerga to‘plab, sohaga oid yangiliklarni o‘rtoqlashish, muammolarga birgalikda yechim topishga qaratilgan katta muloqot maydoni vazifasini o‘tab kelmoqda.

O‘zbekiston Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan mazkur forum har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.

Forumning navbatdagisi joriy yil 17–18 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Markaziy Osiyo mintaqasida huquq sohasidagi muhim  voqealardan biri  hisoblangan “Tashkent Law Spring” III xalqaro yuridik forumining asosiy mavzusi – “Fundamental huquqlar – abadiy qadriyatlar”.

“Tashkent Law Spring” xalqaro, xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan fundamental huquqlar prizmasi orqali zamonaviy huquqiy tendensiyalarni muhokama qilish uchun ochiq platformadir.

Forum huquq sohasidagi zamonaviy ilm-fan yutuqlarini O‘zbekistonda va jahonda ommalashtirishga ko‘maklashish maqsadida  tashkil etilgan.

Forum doirasida “Nizolarni muqobil hal etish: mediatsiyadan arbitrajgacha”, “Sifatli norma ijodkorligi orqali qonun ustuvorligi qadar”, “Yuridik sohada raqamli texnologiyalar”, “Davlat xizmatlari: muvaffaqiyatlar, vazifalar va istiqbollar”, “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Intellektual mulk ekotizimi – O‘zbekistonning innovatsion va sanoat muhitini shakllantirish vositasi sifatida”, “Zamonaviy huquq uchun yuridik kadrlar”, “Sud ekspertizasi rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari” mavzulari sessiyalarda muhokama etiladi.

Ishtirokchilar mavzular doirasida fikr va tajriba almashadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA