Shukuh

1

Samarqandga borsam har safar,

Kutib olar qutlug‘ zafarlar.

Kutib olar ko‘rkam, muzaffar,

Yashnayotgan qishloq, shaharlar.

El shoiri Muhammad Yusuf safimizda bo‘lganida, iftixorga to‘lib, hech shubhasiz, bundan-da ehtirosli tashbehlarda ifodalagan bo‘lar edi hayajonli taassurotlarini.

Har safar Samarqand zaminiga qadam qo‘yganida bir emas, o‘n emas, yuzlab bir-biridan muhtasham go‘zalliklarning guvohi bo‘lgan: ko‘chalar, uylar, korxonalar, bog‘lar, xiyobonlar… va, va, hammasidan quvonchlisi, odamlarning yuz-ko‘zlaridagi mahvash sevinchlar, shijoatlar, o‘ziga, ertasiga bo‘lgan qat’iy ishonch, yashash ishtiyoqi, hayotga muhabbat sho‘’lalariga guvoh bo‘layotgan shoir boshqacha yozmasdi, yozolmasdi ham. Ich-ichidan qaynab-toshib kelayotgan g‘ururdan Zarafshonday jo‘shib-hayqirib she’rlar aytganda minglab shodumon ovozlarga ko‘milib ketardi shoirning mohitob hayratlari. Zotan, so‘nggi yillarda Samarqand zaminidagi shohona yuksalishlarni ko‘rganda, ko‘ksing Urgut tog‘lari qadar yuksalmasligi mumkinmi, axir! 

Har ko‘katning o‘z suygan tuprog‘i bor. Har toycha o‘zi suv ichgan bulog‘ini maqtaydi. Lekin men samarqandlik bo‘lganim uchungina ardoqli qo‘rg‘onimga ziyoda ta’rif berayotganim yo‘q. Zero, Samarqand ortiqcha maqtovlarga muhtoj ham emas. Men, esi kirganidan buyon, sodir bo‘layotgan yangiliklarni baholi qudrat kuzatib kelayotganlarning biri sifatida dildagilarni tilga olyapman, xalos. “Toy-toy” bo‘lib, esni taniy boshlaganimga esa, mana, Xudoyimga shukurlar bo‘lsin, yetmish yildan oshdi. Sho‘ro zamoni, mustaqillik, undan keyingi yillar – hammasi kattakon bir kitob kabi turibdi ko‘z oldimda. Bu kitobni varoqlaguday bo‘lsam, birda etim uvishadi, birda munavvar quvonchlarga, muattar o‘ylarga cho‘maman. Eslaganda, et uvishadigan bolalik, muzday suv-loyga botib tamaki ekishlar, so‘fi azon aytmay ko‘zlarni ishqab-ishqalab dashtga jo‘nashlar, tuxum pishadigan yoz jaziramasida eshaklarni motashtirib somon yanchishlar, tomchilar chakillab turgan zax sinfxonalarida yirtiq choponlarga burkanib darsda o‘tirishlar… Mayli, u zamonlar olislarda qoldi, o‘tgan ishga salovat, deylik. Lekin yaqin-yaqinlarda ham shunday ayanchli ko‘rinishlar bor ediki, eslasang, eting uvishib, varaja qo‘ziydi vujudingda. Masalan, yo‘l azoblari.

E’tibor qiling, Toshkent – Termiz yo‘lidan Urgut shaharchasigacha 15 kilometr yo chiqadi, yo yo‘q. Ammo, Toshkentdan Samarqandgacha bir azob bo‘lsa, mana shu 15 chaqirim – o‘n emas, yuz emas, ming azob edi! Bir qarich tekis joy yo‘q, to‘rt taraf shudgor, mashina tugul, traktorniyam “ichi tushib” ketardi “tuxum karobka” deyilmish bu ko‘chadan o‘tib olguncha. 20 – 30 yil emas, to‘rt-besh yil avvalgi ahvol edi bu.

Endi-mi? Endi, avtoavariyalar, qoida buzarliklar ko‘payib ketganidan, bir necha joyga sfetoforlar o‘rnatilib, tezlikka cheklovlar belgilandi. Yo‘l oynadek bo‘lgach haydovchi deganning zavqi toshib, gazni bosgisi kelaverar ekan-da!

Birgina shu misolning o‘ziyoq qator savollarga sabab bo‘ladi: xo‘sh, qayoqdan paydo bo‘lyapti bunday musaffo evrilishlar? Necha-necha yillar mobaynida tizza bo‘yi chang-loyga belanib yotgan ilon o‘tmas ko‘chalar qanday qilib bunchalar tez obod bo‘ldi, tekislandi, asfaltlandi, chiroy ochdi? Bo‘sag‘asiga qadam qo‘ysang, boshing “taq” etib eshik peshtoqiga uriladigan yetim uylar o‘rnida qanday qilib serqavat imoratlar qurildi? “Tap” etib tushmagandir osmondan, axir? Yo, yerdan chiqdimi qo‘ziqorinday? Turnaday tizilgan 9 – 12 qavatli binolarga bir qarang! 5 – 6 yil avval daydi shamol shuvoqlarni koptokday dumalab yurgan Urgut dashtlarida bunaqa koshonalar quriladi desang, ishonarmidi inson bolasi?

Endi-mi? Endi “Mahallada duv-duv gap” kinosidagidek farishtachehra momolarimiz baland uylar peshayvonida yelpinib o‘tirishibdi surayyo xayollar og‘ushida hukumatga duolar aytib.

Gap Urgutdan boshlangan ekan, keling, tuman qiyofasiga doir ayrim chizgilarga nigoh tashlaylik. Bundan bor-yo‘g‘i 30 – 35 yil burun bu makonda tamaki zavodidan bo‘lak sanoatga doxil bittayam korxona yo‘q edi. Uyam nomiga – tamakini chala-chulpa fermentatsiya qilardi, xalos. Tugma topsang igna, igna topsang tugma qidirarding.

Endi-mi? Aytsam, eldan ayrilgan ba’zi “og‘a”lar, eh-he, Urgut jannatga aylanib ketgan ekan-u, bexabar qolibmiz-da, deya miyig‘ida mug‘ombirona iljayib, merovsirashlari mumkin. Noshukur deymizmi, beandisha deymizmi, xudbin yoki ko‘rolmovchi deymizmi, ishqilib, mazkur to‘daga mansublar hamisha, hamma zamonlarda bo‘lgan, bundan keyin ham yo‘q bo‘lib ketmaydi. Qolaversa, nufuzi 35 – 40 millionli mamlakatda ikki-uchta g‘alamus-hasadchining bo‘lishi ham tabiiy holdir. Bundan fojia yasash, yoxud tashvishga tushishga hojat yo‘q. Dono bobolarimiz aytganlar-ku, har insonning do‘stu dushmani, har o‘lkaning gulu tikani bo‘ladi, deb. Demak, yutuqlaringdan boshi osmonlarga yetguvchi qadrdonlar qatorida alamzada, hasadgo‘ylarning bo‘lishi, bog‘ingda ungan har gul, ularning badaniga tikanday qadalishi ham yangilik emas. Munavvar yuksaklarga, ulug‘ maqomlarga erishayotganing uyqusini zaharlaydi; ichikirligini xalspo‘shlash uchun boshqalarga joni achiydigan odam terisini yopinvolib, boshqalarning ichiga g‘ulg‘ula solishga intiladi unaqalar.

Nachora, xalq maqollarida bekordan-bekorga, yomon baliq suv loyqalatadi, yomon mo‘ridan achchiq tutun chiqadi, deyilmagan. Vijdonsiz kimsadan o‘pkalamaslik mumkin. Ammo, yana bir haqiqat borki, it vovullagani bilan tog‘ qulamaydi. Daryoni bir kesak bilan loyqalatish mumkin emas. Achinaman, rahmim kayeladi unday odamlarga.

Xullas, nonini yeb, dasturxoniga tupurguvchi munofiqlarga Xudoyimdan insof so‘rab, ularga bobokalonlarimizning “tikan bo‘lib oyoqqa qadalguncha, gul bo‘lib ko‘krakka sanchil” degan ibratli nasihatini eslatamiz-da, yana Urgutga qaytamiz.

To‘g‘ri, Urgut jannatga aylanib ketgani yo‘q. Yechimini kutib turgan masalayu muammolar, yillar davomida to‘planib qolgan kamchiliklar oz emas. Hozir gap so‘nggi 5 -6 yil haqida ketyapti, 50 – 60 yillar davomida so‘lib-so‘limay, quvrab-quvrolmay arosatda qolgan bog‘larning so‘nggi 5 – 6 yil orasida gullarga burkanayotgani, ko‘chalar, hovlilar rayhonlar hidiga ko‘milib borayotgani haqida ketyapti. Baland tomga sakrab emas, narvon bilan bitta-bittalab chiqish haqida ketyapti. Ishning ko‘zini bilib, tirishqoqlik bilan qilingan mehnatning noni naqadar shirin va mazali bo‘lishi, terga botganlarning zarga botishi haqida ketyapti. Urgutdagi rivojlanishlarning ildizi ham bitta – mehnat.

Ahillik bilan qilinayotgan halol mehnat tufayli yuksalish shitoblari bo‘ron kabi shiddatli. Kimdir “lof” deydimi, “qof” deydimi, baribir aytaman, aytmasam bo‘lmaydi – hozir tumanda odamning jonidan bo‘lagi ishlab chiqarilyapti. 5 – 6 yil ichida shunday bo‘ldi. Hademay, xitoydagidek “sun’iy odamchalar” yaratamiz, deydiganlar ham yo‘q emas. Ko‘rasiz, bunisigayam guvoh bo‘lamiz Xudo xohlasa.

Quruq qoshiq og‘iz yirtadi. Quruq gap quloqqa yoqmaydi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi ishlar quloqqa yoqyaptigina emas, qoshig‘u qozonlarni moyga, dasturxonlarni noz-ne’matlarga, dillarni iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiryapti. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar shu qadar ko‘pki, sanab, sanog‘iga yetolmaysiz.

Uyog‘ini so‘rasangiz, “Erkin iqtisodiy zona” degan gap bundan 5 – 6 yil avval bir odamning tushiga ham kirmagan edi. Ilk bor Prizident Shavkat Mirziyoyev tomonidan iste’molga kiritildi shukuhli bu ibora. 2017 yil 12 yanvarda Davlatimiz rahbarining Urgut haqidagi maxsus farmoni qabul qilindi-yu, tom ma’noda yangi davr, yangi hayot boshlanib ketdi qadim Urgut zaminida. Shu o‘rinda, kimdir bilib, kimdir bilmaydigan bir raqamni eslatay: Urgut mamlakatimiz qishloq tumanlari ichida nufuzi balandligi jihatidan karvonboshi hisoblanadi – aholisi 600 mingga yaqin. 600 ming! Bu, qariyb, butun boshli ayrim viloyat aholisiga teng, deganidir. Yer maydoni esa do‘ppidaygina. Shuniyam yarmi tog‘-u, yarmi toshloq. Osonmi bunday sharoitda 600 ming jonning tirikchilik qilmog‘i? Ammo, mehnat qancha og‘ir bo‘lsa, keti shuncha shirin bo‘ladi; mehnat ham egiz-egiz, davlat ham egiz-egiz; mehnat qilsang, yasharsan, katta-katta osharsan, deyilmish sharqona hikmatlar qanchalar mukammal ekanini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz Urgutga boring. Ishning ko‘zini topgan, mehnatda toblangan, mehnatda sinalgan, mehnat bilan toshda gul undirayotgan odamlarni ko‘rasiz, ko‘rib hayratlarga ko‘milasiz. Mehnat, mehnatning tagi – rohat ekaniga imon keltirasiz. Mehnatsiz baxt kelmasligi-yu, mehnat qilgan odamlarning tog‘dek ko‘krab kerib yurishlariga dil-dildan havasingiz keladi.

Illo, Prezident farmoniga binoan, qishloq joylarida sanoatni rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan iqtisodiy zona, mard va tanti odamlarning ahillik bilan sidqidildan qilgan harakatlari tufayli hayal o‘tmay ko‘rku jamolini ko‘z-ko‘z qila boshladi.

Endi ayrim raqamlarga murojaat qilamiz. To‘g‘ri, raqamlar gohida zerikarli tuyuladi. Vaholanki, raqam – bu g‘arq pishgan shig‘il-shig‘il mevalari ko‘zni qamashtirguvchi mevazor-bog‘dir. Raqamlar timsolidagi mo‘l hosil, mevalar lazzati dillarni yayratadi. Masalan, ikki-uch yil orasida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollordan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani; 313 million dollorlik 55 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish boshlangani; 4,5 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlangani kabi shoyon voqealar shavqini raqamlarsiz ifodalab bo‘ladimi? Yoki, bu yerda tashkil etilgan korxonalar tomonidan gaz plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi buyumlari singari 220 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani-yu, faqat 2020 yilning o‘zida 1,2 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollorlik eksport qilingani-chi?

Yuqorida yutuqlar “tap” etib osmondan tushmasligini tilga oldik. Xo‘sh, unda… Undami?

Arpasiz ot dovon osholmaydi. Agar davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim tashabbuslarni iste’molga kiritmaganida edi, ehtimol, yuqoridagi raqamlar dunyoga kelmagan bo‘lardi. Mazkur tashabbuslar bois, dastavval, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratildi. Ya’ni, 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes, 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiritildi. 2023 yildan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizlik soliq stavkasi joriy etildi.

Bu – aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi, degani edi. Yana bir muhim yangilik – 2023 yildan boshlab kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining 50 foizini to‘laydigan bo‘ldi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. Mamlakat iqtisodiyoti barqarorligiga, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiluvchi bunday omillar tadbirkorlarga imkoniyatlar eshiklarini yanayam kattaroq ochib yubordi.

Bog‘ jamoli – bog‘bondan, g‘ozlar yo‘lboshchisiz uchmaydi, deganlari shu emasmi? El og‘asi elni o‘ylaydi, elga suyanadi, elim deydi, el kuchi – sel kuchi, deydi. Tunu kun elim, xalqim, vatanim deb kuyungan Prezident Samarqandga qilgan tashriflari chog‘ida qayta-qayta Urgutda bo‘ldi.

Erkin iqtisodiy zonada bajarilayotgan ishlarni tahlil qildi, tavsiyalar berdi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. Hududdagi “Kamalak Tekstil” korxonasiga borganidan so‘ng, tuman kelajagiga doir o‘nlab yangi loyihalarni amalga oshirish ishlari qizib ketdi. Mergancha massivida joylashgan ushbu shirkat gilam va tafting, kovrolin mahsulotlari, sintetik ip va sun’iy chim ishlab chiqaradi. O‘sha kunlari iqtisodiy zonada qiymati 90 million dollorlik 29 ta loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan, bu loyihalar ishga tushgach 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan edi. Tashrif natijasida, yana qiymati 144 million dollorlik 21 ta qo‘shimcha loyiha shakllantirilib, 206 million dollorlik 33 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish yumushlari boshlab yuborildi.

Bugun faqat Urgutda emas, Samarqand zaminining hamma qishlog‘u kentlarida bir-biridan obod manzil- makonlar ko‘paygandan -ko‘payib boryaptiki, bunga yer guvoh, osmon guvoh. Suluv manzaralarni ko‘rmoq uchun Zarafshon daryosining Ravotxo‘ja ko‘prigi orqali Urgutdan shundoq Bulung‘ur yoki Jomboyga o‘tib, atrofga bir tavajjuh etmoq kifoya. Jomboy zavodidan chiqayotgan avtomobillar, Bulung‘ur tumanida yetishtirilayotgan meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgani, yoki atigi uch yilda qad rostlagan “Boqiy shahar!” Qarab to‘ymaysiz, boqib yayraysiz, ta’zimlar qilgingiz keladi bunday mahobatli majmua yaratuvchisi bo‘lgan iste’dod sohibi va qo‘li gul bunyodkorlarga.

Qiyosi yo‘q bu majmua ijodkori ham davlatimiz rahbari ekani barchaga ma’lum. 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand tumaniga qarashli eshkak eshish kanali bo‘yidagi 212 gektar maydonda majmua qurishga kirishildi. Ulkan majmua pandemiyadagi qiyinchiliklarga qaramay, qisqa vaqtda qurib bitkazildi.

Ko‘p tarmoqli mazkur markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar”, amfiteatr va yana ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Majmuaning qadimiy bozor qismida, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandchilik ustaxonalar qurilgan. Bu ustaxonalarga kelgan sayyohlar butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilgandek bo‘ladi. Yog‘och o‘ymakorlik ustalari, kulolchilar, zargarlar, gilam to‘quvchilarning ish jarayonlarini ko‘rib hayratga tushadi.

Yangi turizm markazi bo‘lmish «Boqiy shahar”dagi Kongress xoll, zamonaviy mehmonxonalar allaqachon yirik xalqaro anjumanlar o‘tadigan manzilga aylanib ketdi. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi, yaqinda o‘tadigan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 32-yillik anjumani, Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi… Kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 1,5 millionga, mamlakatimizga keladiganlar sonini esa shu yilning o‘zidayoq 10 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bunday ulug‘vor maqsadlarga erishishda ham majmua ahlining beqiyos o‘rni bo‘ladi.
Endi, 1967 yilda qurilgan Samarqand aeroporti bundan 5 – 6 yil burun qanchalar ko‘rimsiz ahvolda bo‘lganini eslaylik. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasidan so‘ng ushbu “havo darvozasi” alloma bobomiz Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobi shaklida butunlay boshqavatdan modernizatsiya qilindi.

Loyiha doirasida eni 175, balandligi 25 metrli yangi terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’ektlar barpo etildi. Ilgari 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan aeraport, endi 1000 nafar kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ldi.

Turli hajmdagi samolyotlar uchun 20dan ortiq turargoh barpo etildi.

Qariy 1000 kishi ish bilan ta’minlandi.

Yer yuzining sayqali bo‘lgan qadimiy Samarqand husniga husn qo‘shgan manzillardan yana biri Qorasuv mavzesidir. Ta’kidlash kerakki, 2018 yilga qadar Samarqandda 12 qavatdan yuqori binolar qurilmagan edi. 2019 yili xuddi shu massivda bo‘y ko‘rsata boshladi 14 – 16 qavatli uylar. 2019 yilning o‘zida “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 47 ta turar joy qurildi. 3 ming 588 ta xonadon uy-joyli bo‘ldi. Bu uylarning boshqalardan ustun tomonlari ham ko‘p. Ularning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat bo‘lgani uchun, bu xonalar qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar 9 balli zilzilaga chidamli. Bugunga kelib, mazkur mavzeda qurilgan ko‘p qavatli uylar soni yuzdan oshib ketdi. Ular orasida 25 qavatli imoratlar, maktablar, bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari bor.

4

Ha, shoirona tashbeh bilan ifodalaganda, Samarqandda “chappar urib gullagan bog‘lar” kun sayin, soat sayin ko‘payib bormoqda.
Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasining tamomila yangitdan bunyod etilayotgani, bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabining tashkil etilgani, Hazrati Hizir majmuasida qurilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasi, Universitet xiyobonidagi Kofutsiy maydoni, shahar ko‘chalarini obod qilib turgan ko‘priklar, tunnellar, mehmonxonalar,biznes markazlari, tumanlarda Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalar…

Samarqand jamolini mufassalroq idrok etmoq uchun, yana ayrim raqamlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Diqqat qiling, o‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,8 foizga o‘sib, 52,9 trillion so‘mga yetdi. Aholi jon boshiga hisoblaganda bu ko‘rsatkich 1,9 million so‘mga ko‘paydi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9 foizga; 

qishloq xo‘jalik mahsulotlari 19,4 foizga;

qurilish-pudrat ishlari 10,1 foizga o‘sdi.

49 ta qo‘shma korxonalar tashkil etildi.

373,8 kilometr umumfoydalanuvdagi, 2343,1 kilometr ichki, jami 2716,9 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. 

Bular – 2022 yilgi yutuqlarga mansub raqamlarning ayrimlari, xalos. Raqamlar esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Yuzlab, minglab mehnatkash odamlarning peshona teri, qalb qo‘ri bor ularning jismi-jonida . Hatto, millatning, mamlakatning quvvayu hofizasini – buguniyu ertasini raqamlarsiz tasavvur qilish qiyin. O‘ylab-o‘ylab jo‘yak olsang, o‘ynab-o‘ynab sug‘orasan, ot minsang, olisni ko‘zla, deyishadi shuning uchun ham mashoyixlar. Viloyat mehnatkashlarining bu yilgi marralari yanayam baland. Ular yalpi hududiy mahsulot hajmini 52, 9 trillion so‘mdan – 62,4 trillion so‘mga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 22,8 trilliondan – 29,4 tirilion so‘mga, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishni 14,4 trilliondan -18,4 trillion so‘mga, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 40,3 trillion so‘mdan – 43,9 trillion so‘mga ko‘paytirishga bel bog‘lagan.

Oltin zinapoyalardan faqat yuksaklarga qarab talpinayotgan samarqand xalqining irodasi, vatanparparligi, kattayu kichikning “ipni ipga qo‘shsang, arqon bo‘ladi” deya birdamlikda intilishi, dorilamon kunlarga ishonchining ifodasi bo‘lmish bunday yutuqlar qalbga o‘zgacha g‘urur, kuch-quvvat bag‘ishlaydi, albatta. Va shukurlar qilamizki, dasturxonimiz noz-ne’matlarga to‘lib boryapti, jahonning ilg‘or mamlakatlariga bo‘ylashib boryapmiz. Qancha-qancha tubsiz va javobsiz muammolarning yechimi topilyapti. Ishsizlar – ishli, uysizlar – uyli bo‘lyapti.

Ammo, dunyo notinch. Dunyo bezovta. Dunyo simobday qalqib turibdi. Siyosiy iqlim aql bovar qilmas shiddat izmida etagini tutqazmayapti. Bundan ming-ming yillar avvalgi dahshatlarni esga soluvchi vahmkor voqealardan , hatto, samoviy sayyoralar ham o‘z o‘qi atrofidan chiqib ketguday tashvishda. Ur-surlar bo‘ronida, erta tugul, sanoqli daqiqalardan keyin nimalar bo‘lishi tasavvurga sig‘maydi. O‘ylamay qo‘yilgan bir qadam yoki bilib-bilmay aytilgan bir so‘z tubsiz jarga qulatishi mumkin.

Bugun nafaqat mamlakatlar va siyosatlar o‘rtasida , balki, yaxshilik bilan yomonlik, halollik bilan harom, sadoqat bilan xoinlik, to‘g‘rilik bilan yolg‘on kabi xislatu illatlar o‘rtasida ham beshafqat janglar ketyaptiki, bunaday hayot-momot kurashlari kishini har nafasda hushyor turishga da’vat etadi.

Yanayam achinarlisi, oramizda ulug‘ maqsadlarga yetishni xuddi suvda eriydigan shakardek yengil tasavvur qiladigan betoqatlar, do‘ppi bersang sallani, salla bersang, do‘ppini talab qiluvchi boqimandalar ham bor, ularni ko‘rganda, ey, birodari azizlar, odam deganda jilla qursa birozgina harakat, birozgina tashnalik, birozgina hayajon, birozgina ishtiyoq, birozgina fidoyilik, birozgina tafakkur, birozgina shukronalik bo‘lishi ham kerak-ku, deyishdan tiyolmay qolasan o‘zingni. Tiyolmaysan-da, kechagina maoshini ololmay banklar eshigida sarg‘ayib o‘tirgan, bir uvat naridagi qo‘shni davlatga chiqolmay devona bo‘lgan, eshikma-eshik ish axtarib, topolmay, yashashga hafsalasi qolmagan ayrim kishilarning mana shunaqa noshukurligini ko‘rib turganingdan keyin.

Behalovat kunlarda biz yuradigan ko‘cha bitta. Davlat rahbari bu yo‘lni aniq qilib aytganlar: “Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni , albatta, barchamiz birgalikda bunyod etamiz”.

Birgalikda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish ishtiyoqi ayni damlarda mamlakatimizning barcha qishlog‘u shaharlarida, yoshu qari – hammaning qalbida Zarafshon daryosidek shiddat bilan jo‘sh urmoqda. Samarqandda bo‘lganlar bu qudratli to‘lqinni ko‘zi bilan ko‘radi, qalbi bilan idrok etadi. Samarqandliklarning “sheriklashib ishlaganning yuragi sherday bo‘ladi”, degan qadimiy hikmatni o‘zlariga shior qilib, totuvlikda tillashib, qo‘llashib, bellashib, birlashib, ittifoqlashib mehnat qilayotganidan ruhi tog‘day yuksaladi va, shoirlikdan bexabarlar ham, beixtiyor:

Samarqandga borsam har safar,

Kutib olar qutlug‘ zafarlar! – deya she’r to‘qib yuborganini sezmay qoladi.

Abdusaid Ko‘chimov O‘zA