Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ularni kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishib, bu boradagi vazifalarni belgilab berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi bandligini ta’minlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratildi.

O‘tgan yili 1 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa jami 999,7 ming aholining doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlarida bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, 111,8 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan 10,2 ming nafar ehtiyojmand fuqarolar ish bilan ta’minlandi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da qayd etildi. Unda Hududlarda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilinib, deputatlarning bu boradagi  savollariga kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev javob berdi.

— Aholini vaqtinchalik ishlarda daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 7,3 ming korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda 38,8 ming aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi va ularga ish haqi uchun 40,9 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirib berildi, — dedi B.Musayev. — Mehnat bozori kon’yunkturasi tahlil qilinib, talab yuqori bo‘lgan 71 turdagi kasb bo‘yicha 160 mingdan ortiq ishchi kasb egalariga bo‘lgan joriy va yaqin istiqboldagi ehtiyoj belgilab olindi. 2023 yil yanvar-aprel oylarida 46,4 ming nafar ishsiz aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish uchun yuborildi. Shu kunga qadar ularning 10,3 ming nafari o‘qishni tamomladi.

Shu bilan birga, kasb-hunarga o‘qitilganlar tarkibida 34,4 ming nafari sanoat va xizmat ko‘rsatish, 4,6 ming nafari qurilish, 900 nafari agrotexnologiyalar, 1,9 ming nafari IT sohasi kasblari va 4 ming nafari “Usta-shogird” an’anasi asosida hunarmandchilik kasblariga o‘qishga jalb etildi.

Joriy yilda vazirlik huzuridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, olis mahallalarda 250 ta kasb-hunar maskanlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan, — dedi vazir.

“Hukumat soati”da deputatlar olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, qator yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yuzasidan savollar berdi.

Xususan, deputat Umida Rahmonova xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan qiziqdi.

Bunga javoban vazir joriy yilning o‘tgan davrida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 163,4 ming ishsiz xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashilgani, 10,9 ming nafar xotin-qiz o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganini qayd etdi.

— 2023 yilda mehnat bozoriga 734,9 ming nafar bitiruvchi kirib keladi. Shundan umumiy o‘rta maktabni bitirganlar 383,1 ming, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlarni bitirganlar 194,3 ming, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari 157,5 ming nafarni tashkil etadi.

2023 yil 1 yanvar holatiga Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 110 mingga yaqinini iqtisodiyotning rasmiy sektorida o‘qishdan tashqari ish bilan band bo‘lganlar tashkil etadi. Tahsil olayotgan talabalarning 64,5 ming nafari davlat sektorida, 42,1 ming nafari xususiy sektorda o‘z faoliyatini olib bormoqda, — deya javob berdi B.Musayev.

Shuningdek, xalq vakillari nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan ham qiziqdilar.

Bu borada 2023 yilda 15 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Mazkur dastur asosida o‘tgan to‘rt oy davomida 5 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashilgan.

“Hukumat soati”da deputatlar qator savollar bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf etish, ushbu sohada samarali parlament nazoratini o‘rnatish zarurligini ta’kidladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA