Avval xabar berganimizdek, o‘tgan hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi tugagani e’lon qilindi. Afsuski, bu xavf to‘liq chekinganini anglatmaydi.

So‘nggi tadqiqotlardan biri davomida JSST ekspertlari 139 mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni tahlil qildi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatidagi uzilish pandemiya boshlangandan uch yil o‘tib, asta-sekin tiklanmoqda. Bu borada muammoga duch kelayotgan davlatlar soni 25 foizdan ham kam. Vaholanki, 2020 yil iyul-sentyabr oylarida mazkur ko‘rsatkich 59 foiz edi.

Hisobotda qayd etilishicha, virus bundan keyin ham saqlanib qoladi. Davlatlar xuddi boshqa yuqumli kasalliklar singari ushbu xastalik bilan ham muntazam va tizimli kurashishga moslashishi kerak.

O‘z navbatida, dunyo olimlari infeksiyaning yangi mutatsiyalariga qarshi samarali dori vositalari yaratish ustida izlanishni to‘xtatgani yo‘q.

Jumladan, JSST va hamkorlar tomonidan o‘tkazilayotgan “Solidarity” xalqaro klinik sinoviga 52 mamlakatdan ikki ming nafar olim jalb etilgan. Tadqiqotda 14 mingdan ziyod bemor ishtirok etyapti. Olimlar guruhi yaqin istiqbolda SOVID-19ga qarshi samaradorligi yuqori yangi dorilar yaratilishini ishonch bilan ta’kidlamoqda.

O‘zA