Joriy yilning 11 may kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Plenumda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasining ishtiroki haqidagi, shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha partiya s’ezdiga taklif kiritish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Partiya s’ezdini chaqirish va s’ezd kun tartibi hamda s’ezdga delegatlar saylash masalasida hududiy partiya tashkilotlari konferensiyalarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Plenumda siyosiy partiyalar uchun yaratib berilgan keng huquq va imkoniyatlardan to‘la foydalanib, partiyaning dasturiy maqsad hamda g‘oyalari va uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, plenum ishtirokchilari tomonidan partiyaning saylov kampaniyasini samarali o‘tkazishni ta’minlash borasida bir qator tashkiliy va mafkuraviy yo‘nalishda takliflar bildirildi.
Plenumda O‘zbekistonda siyosiy partiyalar va fuqarolar saylov huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani, Yangi Prezident saylovi Saylov kodeksi asosida ko‘p partiyaviylik, partiyalararo erkin raqobat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilishi alohida ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar saylovoldi targ‘iboti davrida partiya tashkilotlari hamda faollarining samarali ish yuritishi, qonun bilan belgilangan vakolatlardan kelib chiqib, birinchi navbatda mazkur muhim siyosiy jarayonlardan elektoratning xabardorligi va faolligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining sifati va samaradorligi masalalariga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
Plenumda O‘zbekiston Ekologik partiyasining bo‘lajak s’ezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Xamzayev Abdushukur Xudoykulovichni ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Bildirilgan taklif hamda tavsiyalarni inobatga olgan holda, muhokama qilingan barcha masala yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi plenumi tegishli qarorlarni qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod
ABDUSHUKUR XUDOYKULOVICH XAMZAEVNING
TARJIMAI HOLI
Abdushukur Xudoykulovich Xamzayev 1973 yil 10 dekabrda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1995 yili Samarqand qishloq xo‘jalik institutini, 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasini tamomlagan. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.
Mehnat faoliyatini Uzun tumanidagi “Namuna” jamoa xo‘jaligida bo‘lim agronomligidan boshlagan. 1996-1999 yillarda Samarqand qishloq xo‘jalik instituti aspiranturasini muvaffaqiyatli tamomlagan.
1999-2017 yillar davomida Samarqand qishloq xo‘jalik institutida assistent, katta o‘qituvchi, o‘quv ishlar bo‘yicha dekan muovini, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan.
2017-2022 yillarda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori sifatida faoliyat yuritgan.
2022 yildan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
A.X.Xamzayevning bugungi kungacha 280 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan. Shuningdek, u 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekin navlari va 16 ta ixtiro muallifi hisoblanadi.
A.X.Xamzayev qishloq, o‘rmon va ekologiya sohasida halqaro tajribalarga ega bo‘lib, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Turkiya, Germaniya, Bolgariya, Rossiya kabi davlatlarda malaka oshirgan. Uning tashabbusi bilan bugungi kunda sohaga oid 10 dan ziyod xorijiy o‘quv
va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan.
A.X.Xamzayev qonun ijodkorligi jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, u “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining yaylovlar to‘g‘risida”gi Qonunlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etgan.
Shu bilan birga, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida Ekspert kengashi raisi sifatida 20 ga yaqin qonunosti hujjatlari loyihalarini tayyorlashda qatnashgan.
A.X.Xamzayev oilali, uch nafar farzandi bor.
O‘zA