Pul inson hayoti uchun ham, iqtisodiyot uchun ham muhim hisoblanadi. Biz qanchalik ko‘p maosh olsak, daromad qilsak orzu-maqsadlarimizga erishish osonlashadi. Mamlakat iqtisodiyotida aylanayotgan pul miqdorining optimal darajada ta’minlanishi ham barcha sohalar rivoji va iqtisodiy barqarorlikka erishishga xizmat qiladi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Sergey CHEPEL bilan suhbatimiz aynan shu mavzu, ya’ni, O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pul va pul miqdorining optimal darajasi haqida bo‘ldi.

– Pul mamlakat iqtisodiyoti uchun eng muhim tovar vositasidir, – dedi S.Chepel. – Shu bilan birga, u barcha tovarlarning qiymatini belgilaydigan yagona vositadir. Shundan kelib chiqib, biz bir guruh ekspertlar bilan O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pul miqdorining optimal darajasini tahlil qildik.

Ta’kidlash kerakki, iqtisodiy barqarorlikka erishish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va inflyatsiyani pasaytirish zarurati hukumatlar va Markaziy banklardan zamonaviy pul-kredit siyosati vositasida pul massasi, kredit shartlari va fiskal siyosatni sinchkovlik bilan tartibga solishni talab qiladi.

Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlarida pul-kredit siyosatini qat’iylashtirishga moyillik ayrim hollarda biznes, ayniqsa, kichik biznesda likvidlilik inqirozi xavfi tufayli investitsion faollik va iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu sababli, barcha tashqi omillarga qaramay, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va inflyatsiyani jilovlash muhim masala hisoblanadi.

– Demak, pul massasi, pulning aylanish tezligi, narx va ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik iqtisodiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu ta’sir ijobiy va salbiy  bo‘lishi ham mumkinmi?

– Ha, albatta. Buni quyidagicha izohlayman. Pulning miqdor nazariyasi – pul massasi, pulning aylanish tezligi, narx va ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni (MV=PY) ifodalaydi. Klassik maktab vakillari pul massasining har qanday o‘sishi inflyatsiyaning o‘sishiga olib keladi, deb ta’kidlaydi.

O‘z navbatida, Keyns maktabi  narxlarning o‘zgarishi birinchi navbatda iqtisodiyotning muomaladagi pul miqdorini o‘zlashtirish qobiliyati bilan belgilanishi va pul massasining o‘sishi narxlarga har doim ham ta’sir ko‘rsatavermasligini ta’kidlaydi. Monetaristlar uchun inflyatsiya har doim va hamma joyda monetar hodisadir.

Bank maktabi namoyandalarining ta’kidlashicha, odamlar ortiqcha pulni banknotalar ko‘rinishida saqlashni xohlamaydi va uni depozitga qo‘yadi va bu narxlar o‘zgarishiga olib kelmasligi mumkin.

So‘nggi 10 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining monetizatsiya darajasi YAIMning 25-28 foizini tashkil etgan bo‘lsa, ushbu davrda iqtisodiy ko‘lami va aholisi bo‘yicha O‘zbekiston bilan qiyoslash mumkin bo‘lgan ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda monetizatsiya o‘rtacha 75-100 foizga yetgan.

YAIMning barqaror va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlagan rivojlanayotgan yirik va o‘rtacha kattalikdagi mamlakatlar – masalan, yillik o‘rtacha 4-5 foizdan yuqori o‘sgan Hindiston, Xitoy, Vetnam, Indoneziya va boshqa bir qator davlatlar ko‘rib chiqilganda, ularning iqtisodiyotida monetizatsiya darajasi 150-180 foizga yetgani aniqlandi. Bu esa O‘zbekiston real sektori yetarlicha moliyalashtirilmaganidan dalolat berishi mumkin.

– Iqtisodiyotning monetizatsiya darajasi nima va u qanday omillarga bog‘liq?

– Iqtisodiyotning monetizatsiya darajasi pul massasining yalpi ichki mahsulot nisbatiga teng ko‘rsatkichidir. Ya’ni, u o‘zida naqd pul, cheklar, talab qilinmagan depozitlar, korxonalar va aholining banklardagi naqd pul depozitlarini ifoda etadi.

Shu asosda biz monetizatsiya darajasi, inflyatsiya va investitsiyalar dinamikasi ko‘rsatkichlarining ekonometrik tahlili natijalari milliy iqtisodiyotning monetizatsiya darajasini oshirish uchun inflyatsion risklar nuqtai nazaridan maqbul chegaralarni aniqlash va uning investitsion hamda iqtisodiy faollikka qanday ta’sir qilishini tahlil qildik.

Unga ko‘ra, monetizatsiya darajasining 1 foiz punktga o‘sishi so‘nggi yillarda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining 0,2 foiz punktga o‘sishiga olib keladi (barchasi YAIMga nisbatan foiz hisobida).

Inflyatsiya ta’siri YAIMga nisbatan 43 foizli pul massasi chegarasigacha sezilarli emas, shundan keyin u 0,3 foiz punktiga oshadi.

Agar iqtisodiyotni boshqarish samaradorligi bo‘yicha Vetnam va Indoneziya darajasiga erishilsa, monetizatsiyaning investitsiyalar o‘sishidagi hissasi 0,2 foiz punktdan 7,3 foiz punktga yetadi, inflyatsiya esa 0,5 foiz punktga kamayadi.

Demak, yuqoridagi ko‘rsatkichlarga asosan boshqaruv samaradorligining o‘rtacha darajasi sharoitida iqtisodiyotni monetizatsiya qilishning ortishiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni investitsiyaviy kreditlashni kengaytirish orqali erishish inflyatsion jarayonlarning tezlashishiga olib kelmaydi.

Negaki,  bu jarayonda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa tovar va xizmatlarning umumiy taklifini oshiradi, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi va narxlar o‘sishini cheklaydi.

 Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA