So‘ngi yillarda poytaxtimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Muhtasham inshootlar, ilm-fan maskanlari, turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, yo‘l va ko‘priklar, so‘lim bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Buning natijasida Toshkent shahri izchil rivojlanib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun qurilish O‘zbekiston iqtisodiyotidagi “drayver” sohalardan biriga aylandi.
Buni birgina poytaxtimizdagi Yangihayot tumani misolida kuzatish mumkin. Tumanda nafaqat keng qamrovli qurilish bunyodkorlik ishlari, balki kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlarida ham ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tuman hududida 170 milliard so‘mga jami yettita 2 ming 860 quvvatli yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, jami 26 milliard so‘mga 1 080 quvvatli 121-, 566-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirildi.
10 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti joriy ta’mirlandi. Mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida, 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi 65 foizga yetdi.
Tumanda 2 ta: har biri 250 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika hamda Tez tibbiy yordam stansiyasi qurib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, tumanda yana bitta yangi Oilaviy poliklinika qurish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, 37-sonli markaziy poliklinika hamda 1 ta ko‘p tarmoqli shifoxona qurish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurish uchun loyiha va loyiha oldi ishlari olib borilmoqda.
Tumanda ichki yo‘llarni ta’mirlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2021-2023-yillarda 30 ta mahallada 10 milliard so‘mga umumiy uzunligi 7,6 km. yo‘l asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021-2023 yil davomida 127 ming 936 dona har xil turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. 5 ta “yashil bog‘” tashkil etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, tumanda uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA