Ushbu tashkilotning asosiy vazifasi ko‘zi ojizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, reabilitatsiya qilish, ijtimoiy integratsiyalash, teng huquqliligini hamda teng hayot imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan.
Ko‘zi ojiz insonlarni ham boshqalar singari teng yashashlari uchun davlatimiz tomonidan ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashabbusi bilan Osiyo ko‘zi ojizlar assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi Toshkentda bo‘lib o‘tayotgani ham ular uchun imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochadi. Ushbu tadbirda 20 dan ziyod mamlakatdan kelgan 63 nafar delegat ishtirok etmoqda.
—Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ko‘zi ojiz insonlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, yangi texnologiyalardan xabardor qilish, sport bilan shug‘ullanish, ularning huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat, — deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Ergash Norpo‘latov. — Yig‘ilishda 5 yillik davrda qilingan ishlar sarhisob qilinib, tashkilotning yangi rahbari saylanishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir 13 maygacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda mamlakatimizdagi 76 ming 20 nafar ko‘zi ojizning 64 ming 244 nafari jamiyat hisobiga olingan. Jami ishlovchi ko‘zi ojizlar soni 2 ming 987 nafarni, shundan 1 ming 539 nafari jamiyat korxonalarida, 557 nafari jamiyat tizimida va 1 ming 209 nafari tizimdan tashqari turli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA