O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Xitoy Fanlar akademiyasi Sinszyan ekologiya va geografiya instituti (XIEG) bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib, qo‘shma ekologik yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilning 9 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Xitoy Fanlar akademiyasi va Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi Sinszyan ekologiya va geografiya instituti (XIEG) delegatsiyasining rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikning muhimligi qayd etilib, Orolbo‘yi mintaqasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyiha takliflari, jumladan, innovatsion ekologik ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish yo‘llari taqdimoti bo‘ldi.
Delegatsiyaning mazkur tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm-fan, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qo‘shma hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iborat. Xususan, Orolbo‘yida suv tanqisligiga moslashish va qurigan dengiz tubida cho‘l o‘simliklari plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga alohida e’tibor qaratilib, mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan Orol dengizining qurishi oqibatlari salbiy ta’sirlarini bartaraf etish, Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, dengizning qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Mo‘ynoqqa tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolariga Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, Orol dengizining qurigan tubida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Davlat dasturlari ijrosi hamda XXR bilan hamkorlikda Innovatsiya markazining “Mo‘ynoq” ilmiy-ishlab chiqarish maydonchasida amalga oshirilayotgan loyihalar, Orolbo‘yi mintaqasida bajarilayotgan ishlar namoyish etildi. So‘ngra delegatsiya Orol dengizi tarixi muzeyida bo‘lib, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik inqiroz ko‘lami va ijtimoiy oqibatlarini vizual baholashdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasini tiklash bo‘yicha tomonlarning yanada yaqin hamkorligining asosiy tamoyillari va istiqbolli yo‘nalishlari bilan birga aniq vazifalar belgilab olindi.
M.Toshqorayeva,
O‘zA