Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabining “Yosh bojxonachi” to‘garagi a’zolari uchun “Xo‘jayli” chegara bojxona postiga sayohat tashkil etildi.

Qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan chegarada joylashgan avtotransport va piyodalar harakati amalga oshiriladigan xalqaro maqomdagi ushbu chegara bojxona posti orqali bugungi kunda kirish yo‘nalishida harakat amalga oshirilmoqda.

To‘liq quvvatda kuniga 1-1,5 ming fuqaro va 100-200 ta yengil va yuk avtotransport vositalarini o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lgan mazkur postning moddiy-texnik bazasi hamda raqamlashgan texnologiyalari maktab o‘quvchilarida katta taassurot qoldirdi.

Sayyor o‘quv mashg‘uloti davomida post orqali harakatlanayotgan fuqarolarni bojxona nazoratidan o‘tkazish tartiblari amaliy ko‘rsatib berildi. Bojxona chegaralari orqali yurtimizga olib kirilishi taqiqlangan tovar-moddiy boyliklar, ular aniqlanganda, bojxona xodimining tezkor harakatlari   amaliy misollar bilan tushuntirildi.

Mashg‘ulot davomida bojxonachilarning “to‘rt oyoqli do‘stlari” imkoniyatlariga ishonch hosil qilish maqsadida o‘quvchilar avtotransport vositasining yashirin qismlariga o‘z qo‘llari bilan taqiqlangan ashyo bekitdi hamda post kichik inspektor-kinologidan xizmat iti yordamida uni topishini so‘radi. Xizmat itining chaqqonlik bilan ashyo yashirilgan joy haqida egasiga signal berishidan hayratlangan o‘quvchi  yoshlar  ko‘zlarida porlagan qiziqish uchqunlarini yarisha olishmadi.

Bojxona postidan bir olam taassurot bilan qaytgan o‘quvchilarda xalqimizning farovon turmushi va yurt tinchligini asrashga o‘z hissasini qo‘shishdek milliy vatanparvarlik tuyg‘ularining jo‘sh urgani shubhasiz. Ushbu yoshlar orasidan ham kelajakda mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligiga javobgar bo‘lgan yetuk bojxonachilar yetishib chiqishiga ishonamiz.


Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri