Keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, kichik sanoat zonalarini barpo etish va shu orqali ishbilarmonlarning istiqbolli loyihalarini ro‘yobga chiqarish borasida olib borilayotgan salmoqli ishlar natijasida Namangan viloyati – Yangi O‘zbekistonning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylandi. Bu 2023 yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tirof etildi.
Darhaqiqat, bundan olti yil avval Respublikaning dotatsiyasida o‘tirgan, kambag‘allik ko‘rsatkichlari yuqori viloyatga bugun tashrif buyurgan har qanday kishi shiddatli yangilanishlar tufayli Namanganda yorqin jozibador muhit qaror topganiga amin bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiyaning Namanganga xizmat safarini amalga oshirilishida ham vodiy viloyatidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish, to‘plangan tajribalarni Orolbo‘yida ham keng tatbiq etishdan iborat.
Delegatsiya a’zolari dastlab Uychi tumanidagi “Yorkatay” kichik sanoat zonasida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, biznes loyihalari samaralari bilan tanishdi. Ta’kidlash joiz, kichik sanoat zonalari – Namangan viloyatining iqtisodiy o‘sish nuqtalaridan biri hisoblanib, respublikada birinchilardan bo‘lib, 2017 yildan Namangan shahrining chekka hududlarida joriy etila boshlandi. Mamlakatimiz rahbarining maxsus qarori bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarda ishbilarmonlik muhitini kengaytirish maqsadida kichik sanoat zonalari barpo etildi, bugungi kunga kelib ularning soni 80 taga yaqinlashdi. Ularda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar o‘zining sifati va raqobatbardoshligi bilan dunyo bozorlarini egallamoqda.
4,7 gektar maydonni egallagan “Yorkatay” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 115 milliard so‘mni tashkil etuvchi 26 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu joyda asosan tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, 1 ming 730 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mehmonlar Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohligidagi “Mega fayz teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kalava ipdan mato mahsulotlari ishlab chiqarish, “Agro sof zaxira” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, “Uychi med diagnoz” mas’uliyati cheklangan jamiyatining paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi. bugungi kunda mana shunday kichik sanoat korxonalari faoliyati samarali ekanligi alohida ta’kidlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi delegatsiyasi tashrif doirasida Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat zonasidagi uchrashuvlar, amaliy muloqotlar qoraqalpog‘istonlik mehmonlar uchun manfaatli o‘tdi. Mahalla ichida qurilgan viloyatdagi navbatdagi istiqbolli zonada qariyb 10 gektar maydonda 46 ta loyiha asosida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayni paytda mazkur sanoat hududida 18 ta loyiha o‘z faoliyatini boshlagan. Jumladan, “Sifat yogʻoch” mas’uliyati cheklangan jamiyatda hozirda yuzga yaqin yigit-qizlar mehnat qilmoqda. Ishchilar soni 150 nafarga yetib, to‘la quvvat bilan ishlansa, yiliga 31 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Muloqot chog‘ida Namanganning har bir hududida tashkil etilgan shunday ishlab chiqarish korxonalarining viloyat iqtisodiyotida alohida o‘rin tutishi aytib o‘tildi.
Joriy yilning 21 mayidan 21 iyuniga qadar Namangan shahrida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan nafosat anjumani – 62-Xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mazkur tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik delegatsiya vakillari asosiy bayram tadbirlari o‘tadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib, festivalga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etish joiz, xiyobonning barcha ko‘ngilochar maskanlari, so‘lim joylari yuzlab gullardan iborat bayramona kompozitsiyalar bilan bezatilmoqda. Bir-birini takrorlamas go‘zallik asarlari orolbo‘yilik mehmonlarning hayratini oshirdi.
Festival o‘tkaziladigan asosiy maskanlar hamda diqqatga sazovor ko‘cha-xiyobonlarga 30 million dona gul ekish ishlari olib borilmoqda. 300 turdagi gullardan yuzlab kompozitsiyalar yaratish bo‘yicha gulchi dizaynerlar mehnat qilmoqda.
Darvoqe, Namanganning qo‘li gul gulchilari, obodonlashtirish boshqarmasining fidoyilari ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, asosiy ko‘cha va xiyobonlarni vodiy gullari bilan bezamoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Namangan viloyatiga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA