Bugun Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi belgilandi.
Saylov kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshqargan majlisda saylov kampaniyasini e’lon qilish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi 10 maydan boshlanishi belgilandi.
Saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilikda belgilangan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur Kalendar rejada mantiqiy izchillik asosida qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, Kalendar rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha 51 ta tadbirlar nazarda tutildi.
Kalendar reja saylov kampaniyasini qonun talablariga rioya qilgan holda ochiq va oshkora, to‘g‘ri hamda samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash va safarbar etishni ta’minlaydi.
Majlis yakunida kun tartibdagi masala yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA