Joriy yilning 5 may kuni London shahrida Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi eng nufuzli “Partnership Awards – 2023” xalqaro mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu tantanali marosim O‘zbekiston uchun yana bir bor alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ya’ni unda Namangan shahridagi oqova suv tozalash inshootlarini qurish loyihasi “Kommunal sektorning eng yaxshi loyihasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi ma’lum qildi.

Ta’kidlash kerakki, Namangan shahrining oqova suvlarini tozalash inshootlari loyihasi respublikada ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha DXSHning tajriba loyihasi hisoblanadi. Loyiha tenderida 23 ta kompaniya ishtirok etgan bo‘lib, ikki bosqichli tender ochiq va shaffof tarzda o‘tkazildi. Tender natijalariga ko‘ra, shartnoma “Metito” kompaniyasiga taqdim etildi. “Metito” – Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan bo‘lib, suv resurslarini boshqarish yechimlarini yetkazib beruvchi global investor kompaniyadir.

Ma’lumot o‘rnida, Namangan shahrining oqova suvlarni tozalash inshootlari loyihasi kuniga 100 ming m3 bo‘lgan yangi oqova suvlarni tozalash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha shahar va uning atrofidagi beshta tumanga xizmat ko‘rsatadigan 7,5 km. uzunlikdagi oqova suv tarmog‘ini qurishni nazarda tutadi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida hududdagi 1,8 million nafargacha bo‘lgan aholiga to‘laqonli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston ikkinchi bor nufuzli “Partnership Awards” mukofotiga loyiq ko‘rilishi loyihaning ilg‘or xalqaro DXSH standartlariga muvofiq amalga oshirilishini, uning ijtimoiy va ekologik ahamiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, loyihaning barcha ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlarning yuqori samaradorligini va sektorda qabul qilingan loyiha qarorlarini aks ettiradi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulovning qayd etishicha, xususiy sektor bilan hamkorlik tufayli talab yuqori bo‘lgan infratuzilma loyihalarini tatbiq etish uchun zarur kapitalni moliyaviy va resurs bilan ta’minlash sezilarli darajada oshirilmoqda.

– Ushbu loyihalar tufayli bugungi kunda oldimizda turgan ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni yanada samarali hal etishga hissa qo‘shmoqdamiz. Eng muhimi, biz bu jarayonda tajriba almashamiz va yangi imkoniyatlarni ochib berishga imkon beradigan global standartlar va innovatsiyalar bilan mahalliy tanishuvimizni targ‘ib qilamiz. Bizda uzoq yo‘l bor, lekin biz marraga erishish uchun muhim bosqichlarni bosib o‘tdik. O‘zbekistonning ketma-ket ikkinchi yil “Partnership Awards” g‘olibi deb e’lon qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatimizda DXSH sektorini rivojlantirish borasidagi ishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi,  – dedi  vazir o‘rinbosari.

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA