Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari Londonda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ta’lim forumi doirasida ta’lim vazirliklari delegatsiyalari bilan uchrashdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova va Hindistonning Assam shtati federal ta’lim vaziri Doktor Ranoj o‘rtasida tashkil etilgan suhbat jarayonida Hindiston ingliz tili va informatika yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga “ustoz-shogird” modeli asosida amaliyotga va ta’lim jarayoniga jalb etish masalasi muhokama qilindi. Assam shtati federal ta’lim vaziri Doktor Ranoj ushbu masalada Britaniya Kengashining Hindiston vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga amaliy yordam berishga roziligini bildirdi.
Shuningdek, Liviya mamlakati oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot vaziri Doktor Omran Muhammad al-Giyib tomonidan O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim tizimida arab tilini xorijiy til sifatida o‘qitish yo‘nalishida hamkorlik, jumladan, Liviya tomonidan arab tilida dars beruvchi o‘qituvchilar uchun Liviya oliy ta’lim muassasalarida magistr va ilmiy tadqiqot (PhD) ta’limi uchun grantlar ajratilishi taklifi berildi.
Britaniya Kengashi Maktablar, kasbiy ta’lim va noan’anaviy ta’lim bo‘yicha Global direktori Mark Gerbert bilan muzokara chog‘ida vazir Hilola Umarova O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limidagi islohotlarning to‘rt asosiy yo‘nalishida Britaniya Kengashi bilan hamkorlik olib borilishini ma’lum qildi.
“ETS” xalqaro ta’limda baholash tashkilotining Bosh direktori Amit Sevak bilan o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini baholovchi Praxis imtihonlarini O‘zbekiston ta’lim tizimiga adaptatsiya qilish, o‘qituvchi va maktab rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari va ularning kasbiy baholash testlarini joriy qilish, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonlarida talabgor o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini baholovchi “TOEFL Junior” testlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
“ODILO” onlayn ta’lim texnologiyalari tashkilotining global tijoriy vitse-prezidenti Skot Smit bilan o‘tgan uchrashuvda onlayn-ta’lim platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishida o‘quvchilarning bilimini mustahkamlashning moslashtirilgan raqamli ta’lim tizimini joriy qilish, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega o‘quvchilarni o‘qitishga moslashtirilgan kontentdan foydalanish istiqbollari bo‘yicha fikr bildirildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA